XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida tarixiy natija ko‘rsatib, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan viloyatimiz sportchilari Farg‘ona shahridagi "Samo" sport majmuasida tantanavor kutib olinmoqda. Sportchilar Farg‘ona shahriga kirish darvozasidan sport majmuasiga qadar kortejda harakatlanib, tantanali kuzatib borildi. Yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan qahramonlarni munosib kutib olish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida FarDU jamoasi va talaba-yoshlari ushbu tadbirda faol ishtirok etmoqdalar.
Para yengil atletika bo‘yicha F57 klassining nayza uloqtirish bahslarida 50.32 metr natija ko‘rsatib, oltin medalga sazovor bo‘lgan hamyurtimiz – Farg‘ona davlat universiteti bitiruvchisi Yorqinbek Odilov hamda ayollar o‘rtasida F46 klassida nayza uloqtirish yo‘nalishda 43.12 metr natija bilan delegatsiya hisobiga kumush medalni taqdim etgan 15 yoshli iste’dodli para atlet - Shahina Yigitaliyeva, para taekvondo WT bo‘yicha ayollar o‘rtasida K44 tasnifida kumush medalni qo‘lga kiritgan Ziyodaxon Isoqova, F57 klassida disk uloqtirish bo'yicha 32.75 metr natija bilan bronza medali sohibi bo'lgan Mohigul Hamdamovalar bugun FarDU yoshlari tomonidan tantanavor olqishlandi.