"Yangilangan Konstitutsiyamizda dunyodagi mo‘tabar shaxs – o‘qituvchi maqomini alohida mustahkamlash, bu kasbni jamiyatdagi eng obro‘li ishga aylantirish mening necha yillik orzuim, kerak bo‘lsa, armonim edi. Chunki o‘zim ham ko‘p yillar shu sohada ishlaganman. O‘qituvchi mehnati qanchalik og‘ir va mashaqqatli ekanini yaxshi bilaman. Afsuski, ana shunday sharafli va olijanob kasb egalariga biz yaqin o‘tmishda yetarlicha hurmat va e’tibor qarata olmadik.
Sir emas, qaysi sohaga qo‘shimcha ishchi kuchi kerak bo‘lsa, birinchi navbatda o‘qituvchi-pedagoglar jalb etiladigan bo‘lib qolgan edi. Biz mamlakatimizda yangi islohotlarni boshlagan birinchi kunlardan e’tiboran ana shu og‘riqli masalani hal etishga – o‘qituvchilarni, bolalar va ayollarni majburiy mehnatdan xalos qilishga kirishdik. Qat’iy iroda va intilish bilan bu noxush holatlar bugun tarixga aylandi. Mana, bu yil "Pedagogning maqomi to‘g‘risida"gi qonunni qabul qildik. Konstitutsiyamizda belgilangan qoida endi ana shu qonun asosida ishlay boshlaydi. Kimki o‘qituvchiga bosim o‘tkazib, uning kasb faoliyatiga daxli bo‘lmagan ishlarga, turli majlislarga jalb etmoqchi bo‘lsa, ana shu qonun asosida javobgarlikka tortiladi", - dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari sohada amalga oshirilayotgan katta ishlar borasida baʼzi misollarni keltirdi. Oʼtgan 7 yilda taʼlimni rivojlantirishga jami 216 trillion soʼm mablagʼ yoʼnaltirildi. Moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun byudjetdan 19,5 trillion soʼm sarflanib, 6 mingta davlat maktabi va 3,5 mingta bogʼcha rekonstruktsiya qilindi va yangidan qurildi. Xususiy taʼlimga keng imkoniyatlar yaratilayotgani tufayli xususiy maktablar soni 27 tadan 500 taga yetdi, nodavlat bogʼchalar 250 tadan 30 mingtaga koʼpaydi. Bu moddiy resurslar birinchi navbatda intellektual-maʼnaviy resurslar bilan toʼldirilishi kerakligi, shundagina taʼlimda sifat, samara boʼlishi taʼkidlandi.
Intellektual-maʼnaviy resurslar – bu avvalo oʼqituvchining bilim va tajribasi, mahorati, uning madaniy darajasi, maʼnaviy saviyasi deganidir.
Аlbatta, bunday uygʼunlikka erishish oson emas. Buning uchun katta-katta mablagʼlardan tashqari ulkan insoniy resurs, bilim va tajriba, kadrlar salohiyati, eng muhimi, oʼqituvchilarning vatanparvarlik fazilatlari talab etiladi. Аyni vaqtda, bugungi kunda taʼlim sohasida strategik tafakkur zarur. Bu nima degani?
Bu oʼn-oʼn besh yil oldinni koʼrib, taʼlim maskanlarini faqat bugungi kun uchun emas, kelajak uchun ishlaydigan darajaga koʼtarish degani. Chunki taʼlimda, maʼrifatda orqada qolganlar – hech shubhasiz, taraqqiyotda ham orqada qoladi. Bu – tarixda isbotlangan haqiqat. “Har bir oʼqituvchi va murabbiy, bogʼcha mudirasi, maktab direktori maʼlum maʼnoda strateg boʼlishi zarur. Ular avvalo el-yurt taqdiri va kelajagini hal qiladigan ulugʼ maqsadlar yoʼlida xizmat qilayotganlarini chuqur anglab yetishlari va shu asosda harakat qilishlari lozim”, - dedi davlat rahbari.
Oʼtgan davrda ilgari eʼtibordan chetda qolgan yoʼnalishlar, xususan, pedagogik taʼlimga, uning ilmiy, nazariy va amaliy asoslariga eʼtibor kuchaytirildi.
Kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish uchun oliygohlarda sirtqi taʼlim shakli tiklandi. Oʼqituvchilarga mahorati va erishgan yutuqlariga qarab toʼlanadigan ustamalar soni 3 tadan 17 taga oshirildi. Oʼz ustida astoydil ishlagan, xorijiy sertifikat olgan 6 ming oʼqituvchi 10 million soʼmdan ziyod maosh olmoqda. 2020 yilda bunday oʼqituvchilar 102 nafar boʼlgan. Аlbatta, bu hali yetarli emasligi, lekin ushbu raqam keyingi ikki yilda 5,3 barobar oshgani taʼkidlandi.
Oʼtgan 5 yilda maktab taʼlimida, taʼbir joiz boʼlsa, lokomotiv vazifasini bajaradigan 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi faoliyati yoʼlga qoʼyildi.
Аna shu maktablar dasturlari asosida tabiiy va aniq fanlar boʼyicha zamonaviy darsliklar yaratilmoqda.
Eng muhimi, bu maktablar aniq samara bera boshladi. Ushbu maktablarni bitirgan 100 nafar yigit-qiz dunyoning TOP-100 oliygohlarida tahsil olmoqda.
Prezident maktablaridagi baholash tizimi hozir 500 ta umumtaʼlim maktabida qoʼllanmoqda. Baholashni samarali yoʼlga qoʼygan 66 ta maktab jamoasiga 40 foizgacha ustama toʼlanmoqda.
Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni selektsiya yoʼli bilan tanlab olish boʼyicha ilgari boʼlmagan yangi tizim yoʼlga qoʼyildi. Natijada bu yilning oʼzida xalqaro fan olimpiadalarida oʼquvchilarimiz 122 ta medalni qoʼlga kiritdi. Maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish darajasi soʼnggi 7 yilda 4 karra oshdi.Bu yil 310 ming nafar oʼgʼil-qizlarimiz oliygoh talabalari boʼldi. Аna shu yoshlarning qariyb yarmi qizlardir. Bunday natija ilgari hech qachon boʼlmagan.
“Yana bir bor aytaman: qancha islohot qilmaylik, birinchi navbatda oʼqituvchining bilimi va kasb mahoratini oshirmas ekanmiz, sifatli taʼlimni taʼminlay olmaymiz”,
- dedi Prezident. Bugungi kunda davlat taʼlim muassasalarida 46 ming nafar, xususiy tashkilotlarda esa 38 ming nafar pedagog 5 yil davomida malaka oshirmagani afsus bilan qayd etildi. Bu yil attestatsiya jarayonlari shaffof boʼlishi uchun sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar qoʼllandi. Natijada 198 ming oʼqituvchidan 21 ming nafari malaka boʼyicha yetarli ball toʼplay olmadi. Bu barchamizni tashvishga solishi kerak boʼlgan holat ekani koʼrsatib oʼtildi.