Bugun Farg‘ona davlat universitetining Ma’naviyat va Ma’rifat markazida yoshlarining giyohvandlik va narkojinoyatlar ta’siriga tushib qolishini oldini olish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiya” ijrosi bo‘yicha seminar mashg‘uloti tashkil etildi.
Ma’lumki, 2024-yil 6-mayda davlatimiz rahbari “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni imzolagan edi. Bugungi seminarda mazkur hujjatda belgilangan vazifalar va ularning mazmun-mohiyati- oliy ta’lim muassasalarida, davlat organlar va tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan yoshlar bilan ishlash tizimi mutassadilariga batafsil yoritib berildi. Seminarda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tib.markazi, Viloyat hokimligi, Farg‘ona Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari, FarDU rahbariyati, fakultet dekanlari, dekan o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar, profilaktika nozirlari, psixologlar va tyutorlar ishtiroketdilar.
Tadbir avvalida FarDU rektori Bahodirjon Shermuhammadov auditoriyaga seminar maqsadini tushuntirar ekan, Yangi O‘zbekistonda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan katta islohotlarga dahldorlik avvalo, ogohlikdan, yosh avlodni yomon illatlardan, jinoyatlardan asrashdan boshlanishini ta’kidladi. Seminarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshanjon Mamatov o‘zi so‘zida yoshlarda giyohvandlikka qarshi kuchli immunitetni shakllantirishda ziyoli qatlam bosh bo‘g‘in ekanini aytib o‘tdi. Bu borada Farg‘ona viloyatida, xususan, FarDUda ushbu profilaktika oyligi faollik bilan tashkil etilayotganligini bildirdi.
“Ustozlarimizni o‘tgan kasb bayramlari bilan samimiy tabriklayman. Ular har sohada bizning tayanchimiz. Qolaversa, Farg‘ona davlat universiteti ham mening talabaligim o‘tgan qadrdon maskan" - dedi markazi direktori.
Shuningdek, xotin-qizlar, yoshlar orasida kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni iste’mol qilishga murosasiz munosabatni shakllantirish, ta’lim muassasalarida psixofaol moddalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan yangi ta’sirchan targ‘ibot-tashviqot va tarbiyaviy-profilaktik mexanizmlarni joriy etish yuzasidan tyutorlar bilan jonli muloqot olib borildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Azizbek Ikramov o‘z ma’ruzasida ko‘plab yoshlarimiz oxir-oqibatlarini bilmay hozirgi kunda bu illatga giriftor bo‘layotgani ularni achinarli holatga olib kelayotganini ta’kidlab o‘tdi.
“O‘zbekistonda aholining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Bu vaziyatda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda prekursorlarning noqonuniy aylanmasining yangicha, ayniqsa, internet tarmog‘idagi usullaridan hamisha xabardor bo‘lishimiz lozim” -dedi rahbar.
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarining yoshlar sog‘lig‘iga, ruhiyatiga, aholi salomatligiga salbiy ta’siri xususida Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari Zarifjon Ashurov fikr yuritar ekan, profilaktika ishlarini eng avval oiladan, bola bilan kundalik muloqotdan, jamoatchilik nazoratidan boshlash kerakligini qayd etdi. Seminar davomida talaba-yoshlar o‘rtasida giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalarga qarshi kurashish usullari, natijalari muhokama qilindi va ishtirokchilarga namuna tariqasida ushbu holatlarning ayanchli oqibatlarini ko‘rsatib beruvchi videoroliklar namoyish etildi.