Bugun "Biznеs marafon" loyihasi doirasida DEKOS kompaniyasi va M-Faktor mеdia loyihasi asoschisi, tadbirkor Hasan Mamasaidov hamda "Insan biznes" akademiyasi asoschisi Bobur Musaboyevlar Farg'ona davlat universitetiga tashrif buyurdi. O'zbek biznesining zamonaviy portretlari va tadbirkorlikning kuchli fenomenlarini samimiy qarshi olgan rektor Bahodirjon Shermuhammadov mehmonlarni oliygoh faoliyati bilan tanishtirar ekan, yoshlar biznesi borasida mazkur tadbirkorlar amalga oshirayotgan ishlarni qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
Rektor o'z so'zida Muhtaram Prezidentimiz islohotlari natijasida moliyaviy va akademik mustaqil bo'lgan universitetda ko'plab iqtisodiy loyihalar yaratilgani, "Oqbilol" o'quv-agrouchastkasida talabalar tadqiqotlari natijasida yetishtirilayotgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari, "Do'stlik" tajriba-amaliyot markazidagi qoramolchilik, naslchilik, chorvachilik, shuningdek, asalarichilik sohasidagi ilmiy tajribalar xususida gapirib o'tdi. Uchrashuv davomida oliygohning xorijiy mamlakatlar bilan olib borayotgan ilmiy, iqtisodiy hamkorligi, rivojlanib borayotgan FarDU-Vengriya, Germaniya munosabatlari, dunyoning nufuzli reytinglarida egallab borayotgan o'rni e'tirof etildi. Muloqotda mehmonlar ayni kunlarda oliy ta'lim muassasalarida o'tkazilayotgan biznes forumlar maqsadi, "Biznes Marafon 5.0" treninglari mohiyatini ochib berdilar. Universitet rektori ushbu loyihani qo'llab-quvvatlagan holda tadbirkorlarni Iqtisodiyot va Agrar Qo'shma fakultetlariga taklif qildi. Ayni daqiqalarda Farg'ona davlat universitetining Iqtisodiyot va Agrar qo'shma fakultetlarida “Biznes Marafon 5.0” motivatsion-treningi ko'tarinki kayfiyatda davom etmoqda. Uchrashuv davomida aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va ishsiz fuqarolarni malakali kasb-hunarga o‘qitish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar ijrosi kun tartibida bo'lmoqda. Hasan Mamasaidov so'z avvalida Prezidentimizning yoshlarga yaratib bergan imkoniyatlari haqida gapirib, tadbirkorlikning ilk davri hamda bu sohaning qiyinchiliklari, kamchiliklari, loyihalardagi asosiy jihatlar tog'risida to'xtalib o'tdi. Shuningdek, M - Factor loyihasi haqida talabalarga batafsil tushunchalar berdi. Sohaga qiziqqan talabalarning savollariga hayotiy misollar bilan javob qaytardi. Yakunda esa o'z savollari bilan muloqotda faol ishtirok etgan talabalarga sovg'a sifatida kitoblar jamlanmasi topshirildi.