Bugun FarDUning Jismoniy madaniyat fakulteti tashkil topganligi 70 - yilligi munosabati bilan "Jismoniy madaniyat va sport ta'limi kadrlarini tayyorlash sifatini oshirishda innovatsiyalar" mavzusidagi xalqaro ilmiy - amaliy anjuman bo'lib o'tdi. Xalqaro anjumanda Germaniya, Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Xitoy, shuningdek, respublikamizning barcha viloyatlari hamda Toshkent shahridan soha mutaxassislari, olimlar ishtirok etdi.
Tadbir mehmonlari dastlab fakultet o'quv binosi, Sport sog'lomlashtirish majmuasi, Axborot-resurs markazi, "Qatag'on qurbonlari" muzeyiga tashrif buyurdilar va oliygohda amalga oshirilgan o'zgarishlar, bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Tadbirni rasmiy qismida rahbariyat tomonidan fakultet tarixi va bugungi faoliyati e'tirof etildi.Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tomonidan sportga, yoshlarning jismoniy rivojlanishiga qaratilayotgan e'tibor, sohaning ilmiy nazariyasi, salohiyat taraqqiyoti, xalqaro yutuqlarimiz, olimlar jamoasi faoliyati xususida gapirildi.Quvonarlisi, 70 yillik yubileyga munosib tuhfa sifatida oliygohda Jismoniy tarbiya va sport yo'nalishi bo'yicha 130004 raqamli ilmiy Kengash faoliyat boshlagani ma'lum qilindi. Shu kuni xorijiy mehmonlar ham o'zlarining soha bo'yicha dolzarb mavzudagi ma'ruzalari bilan konferensiya ishida ishtirok etdilar.