Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 335
  • Ko`rib chiqilganlar 295
    • Takliflar 49
    • Arizalar 251
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 40

​Ozarbayjonda “Oʻzbekiston Respublikasi tarixi va madaniyatiga sayohat” nomli xalqaro tadbir tashkil etildi

12:09, 18.10.2024      

Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan “Oʻzbekiston Respublikasi tarixi va madaniyatiga sayohat” tadbirida Fargʼona davlat universiteti va "ODLAR YURDU" universiteti oʼrtasida oʼquv, tadqiqot, taʼlim faoliyatini amalga oshirish maqsadida anglashuv memorandumi imzolandi. Endilikda mazkur hujjat asosida ikki oliygoh oʼrtasida akademik almashinuv, ilmiy ishlanmalar va taʼlim dasturlari sohalarida faol hamkorlik olib boriladi. Tabrik uchun soʼz olgan "ODLAR YURDU" universiteti rektori, professor Аhmad Valiev ikki qardosh xalqning umummilliy meʼrosi, yurtimizning buyuk tarixi va bugungi kuni xususida alohida toʼxtalib oʼtar ekan, Fargʼona davlat universiteti bilan oʼrnatilgan hamkorlik kelgusida ikki tomonlama ilm-fan rivojida katta ahamiyatga ega boʼlishini taʼkidladi. Shundan soʼng Fargʼona davlat universiteti rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov soʼzga chiqib, oʼz maʼruzasida yurtimizning 3000 yillik buyuk tarixi, dunyo ahli tan olgan allomalarimizning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qoʼshgan bemisl hissasi, Yangi Oʼzbekistonning xalqaro darajadagi oʼrni, Vatanimizda amalga oshirilayotgan insonvarpar islohotlar, xalq manfaatlari yoʼlida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida ushbu mamlakat rasmiylari, hamkor oliygoh jamoasi, Ozarbayjon talaba-yoshlari hamda keng jamoatchilik vakillariga batafsil tushunchalar berdi. Shuningdek, FarDU rahbari oʼtgan 2017-2023-yillarda milliy-madaniy merosimiz YuNESKO darajasida yuqori baholanib, butun dunyo xalqlarining oʼlmas boyligi sifatida eʼtirof etilganligini taʼkidlab oʼtdi. Bu borada rektor YuNESKO Bosh konferentsiyasining 43-sessiyasi 2025-yilda Samarqand shahrida oʼtkazilishi toʼgʼrisidagi Oʼzbekiston tashabbusiga toʼxtaldi. Dunyo nigohi qaratilayotgan va jahon miqyosida katta ahamiyatga ega boʼlgan bu muhim tarixiy voqelikning mohiyatini oʼz maʼruzasida keng yoritib berdi.

Xalqaro doiradagi tadbir davom etar ekan, Oʼzbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Аshrafxonov soʼzga taklif etildi. Elchi janoblari dastlab har ikki tomonlarni hamkorlikning yangi istiqbolli yoʼli bilan muborakbod etdi. Soʼnggi yillarda butunlay yangi formatga oʼtgan Oʼzbekiston va Ozarbayjon hamkorligi toʼgʼrisida gapirib oʼtdi. Tarixi, madaniyati, tili, ildizi bir boʼlgan ozarbayjon va oʼzbek xalqining mushtarak maqsadlari Davlatimiz rahbarining yuritayotgan oqilona siyosati natijasida roʼyobga chiqayotganini eʼtirof etdi. Shundan soʼng ikki qardosh xalqlarning davlat rahbarlari tashabbuslari, davlat darajasidagi tashriflari aks etgan videolavha va Oʼzbekiston tarixi va madaniyati aks etgan videorolik ishtirokchilar eʼtiboriga havola etildi.

Tadbirning tantanali qismi avvalida taqdirlash jarayonlari boʼlib oʼtdi. Bunda tantanali ravishda Oʼzbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Аshrafxonovga ushbu universitetning

““ODLAR YURDU” universiteti Faxriy mehmoni” diplomi topshirildi. Shuningdek, har ikki tomonning ilm-fan rivoji yoʼlida faollik koʼrsatayotgan Fargʼona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadovga "ODLAR YURDU" universiteti asoschisi va kuzatuv kengashi raisi, parlament deputati, professor Samir Valiev ishtirokida “"ODLAR YURDU" universiteti faxriy professori” unvoni taqdim etildi. Аynan shu oʼrinda "ODLAR YURDU" universiteti rektori, professor Аhmad Valievga esa “Fargʼona davlat universiteti faxriy professori” unvoni berildi. Mazkur yangilik va taraflarning oʼzaro hurmat, samimiyat ifodasi sifatida faxriy professorlarga esdalik sovgʼalari taqdim etildi.