Insonning o‘z ona tiliga muhabbati uning Vatani, millati, o‘zligiga muhabbati bilan tenglashtiriladi. Ona tiliga sadoqat vatandoshlarimizning milliy o‘zlikka sadoqati demakdir. Zotan, Mahmud Sa'diy aytganlaridek, til nomusi – millat nomusi.
O‘zbek tilining yuksalishi, barhayotligi haqida o‘ylash, yurtdoshlarimiz qalbida tilimiz taqdiriga nisbatan kuyunchaklik, jonsaraklik uyg‘onishi bugun har qachongidan muhim. Zotan, o‘zbek tilining shunchaki adabiy til emas, tafakkur tarzi va muloqot quroli sifatida yashab qolishi va rivojlanishi ulug‘ va mushtarak maqsadimiz, aslida. Har qanday sharoitda ham til, ma'naviyat masalalari davlatimizning doimiy diqqat markazida ekani, mamlakatimizda ona tilimizga qaratilayotgan e'tibor uning milliy qonunchiligida ham o‘z ifodasini topayotgani barchaga ma'lum. Ona tilimiz jozibasi, imkoniyatlarini anglash uchun birgina Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar”ini mutolaa qilishning o‘zi ham yetarli. Zotan, buyuk tariximiz siri ham, asriy maqsadlarimiz va orzularimiz ham shu ona tilimizdagi so‘zlarga singigan. Aytish kerakki, arablar istilosidan so‘ng ham o‘z boyligini yo‘qotmagan o‘zbek tili XIX va XX asrlarda yanada boyib bordi. XX asrning 20-yillaridan boshlab adabiyotimizga Fitrat, Cho‘lpon, Oybek, Hamid Olimjon, G‘ofur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Zulfiya kabi bir qator yirik iste'dodlarning kirib kelishi bilan o‘zbek tili istiqboli yanada porlay boshladi. Tilning lug‘at tarkibi boyidi va grammatik qurilishi takomillashib bordi. Zahmatkash tilshunoslarimiz, tarjimon, adabiyotshunoslarimiz mehnatlari natijasida ona tiliga yangi ifodalar kirib keldi. O‘lkamiz qaramlik changaliga tushib qolgan istibdod davrlarida ona tilimizning rivojlanish imkoniyatlari cheklanishi oqibatida shakllangan asoratli muammolar ham uchrab turadi. Bu davrda tilimizga o‘zlashgan ko‘plab hech qanday asossiz siqib chiqarildi, nutqda g‘alizlikni keltirib chiqaruvchi tarjimalar paydo bo‘ldi. Biroq tilimizning o‘z rivojlanish davrida katta yutuqqa erishdi– o‘zbek tili fan sifatida o‘z fonetikasi, morfologiyasi, til qurilishi sistemasi (sintaksis), uslubi, imlo qoidalarini yaratdi, bu esa tilimiz istiqboliga, uning barhayotligiga yo‘l ochdi.
O‘zbek ma'rifatparvar shoiri Avaz O‘tar o‘zining mashhur “Til” g‘azalida “Lozim siza har tilni biluv ona tilidek, Bilmakka oni g‘ayrat eting, foydaga kondur”, deb yozadi. Shoir bunda o‘z zamondoshlari va yoshlarga til o‘rganishning qanchalik foydali ekanligi, til bilguvchining imoniyatlari kengligini uqtiradi. Shuningdek, har tilni bilishdan oldin o‘z ona tilini chuqur anglamoqlik, o‘rganmoqlik vazifasini yodga soladi. Bugungi yoshlarning dunyo tillariga qiziqishi baland. Ingliz, rus, nemis, koreys, fransuz tillarida ravon so‘zlayotgan uka-singillarimizni ko‘rib, faxrlanamiz. Biroq inson ko‘p tilda so‘zlay olgani bilan ona tilida o‘ylaydi, fikrlaydi. Bugun jamiyatimiz erishishga urinayotgan keng fikrlilik, ma'naviy yetuklik ham dastlab o‘z ona tiliga bo‘lgan hurmatdan boshlanadi.
E'tirof etish joizki, yurtimizda o‘zbek tiliga e'tibor masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. 2019 yil 21 oktyabrda Prezidentimiz “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Yangi tahrirdagi “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilindi, mamlakatimizda Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi.
Yaqinda davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida jahon hamjamiyati oldida turgan eng muhim masalalar xususida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani ham tilimizning xalqaro miqyosdagi mavqeini mustahkamlash yo‘lida yana bir katta qadam bo‘ldi. Ta'bir joiz bo‘lsa, bu o‘zbek tilining nafaqat adabiy yoki ilmiy salohiyati, balki siyosiy qudratini ham keng miqyosda namoyon etdi.
O‘zbek tilining istiqboli, tom ma'nodagi barhayotligi yosh avlod qalbiga ona tiliga muhabbat, milliy g‘urur tuyg‘ularini singdirishga, ta'lim muassasalarida milliy til targ‘ibotchilari, jonkuyarlarini tarbiyalashga har jihatdan bog‘liq. Bu borada Farg‘ona davlat universiteti nafaqat tilimiz fidoyilarini kamolga yetkazish, balki har bir yoshni o‘z ona tiliga sadoqatli etib tarbiyalashga alohida e'tibor qaratgan. Muhtaram Prezidentimizning “Ona tilimiz – milliy ma'naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir” degan so‘zlari bu yo‘lda barchamizga yo‘ldosh bo‘ladi.
Shuni chuqur anglashimiz zarurki, hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida o‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bizning dunyoqarashimiz, so‘z boyligimiz va ma'rifatparligimiz, kitobxonu savodxonligimizga bog‘liqdir. Zero, biz bugun erishishga urinayotgan keng fikrlilik, ma'naviy yetuklik dastlab o‘z ona tiliga bo‘lgan hurmatdan boshlanadi. O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov o‘zining “So‘z –zabarjad, so‘z gavhar, oltin”, “Til xazinasi” singari o‘zbek tilining naqadar ulug‘vorligi, umrboqiyligi, qadr-qimmati haqidagi o‘tkir maqolalari jam bo‘lgan “So‘z latofati” kitobi bilan milliy til qayg‘usini eng dolzarb masala sifatida jamiyat oldiga ko‘ndalang tashladi. Millatsevar shoirning “Ona tilim o‘lmaydi!” degan satrlari ham bugungi yoshlarimizning til targ‘ibotidagi shioriga, shu mavzusida ijodiy ishlarining asosiy mavzusiga aylangan.
Olam uzra jaranglayotgan ulug‘vor satrlar esa ona tilimiz taqdiriga qaratilgan e'tiborimizni amaliy ishlarda namoyon etishga ruhlantiradi.
BAHODIR SHERMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor