Bir xalqning birlashib davlatga aylanishida oʼsha xalq tilining tutgan oʼrni beqiyos, zero til - millatning tanidagi joni va toza ruhidir. Hazrat Аlisher Navoiy oʼz davrida “Insonni soʼz ayladi judo hayvondin”, deya taʼkidlagan edi. Oʼz ona tiliga ega boʼlmagan har qanday xalq tanazzulga mahkumdir.
O'zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda FarDU rektori Bahodirjon Shermuhammadov, Viloyat hokimligi vakillari, viloyatimiz mehmonlari, fakultet jamoasi, tilshunos olimlar, shoir va yozuvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Biz ildizlari ming yillik chinordek hayotga mustahkam oʼrnashgan buyuk xalqning davomchilarimiz. Necha zamonlar avval butun jahonga dovrugʼ solgan ulugʼ turk ulusining bosh boʼgʼini, toʼqson ikki urugʼli oʼzbeklarmiz. Sharafimiz, shonimizga monand, goʼzal ohangraboli ona tilimiz ona tuproq kabi qadimiy va muqaddasdir. El bilan birga tugʼilib qancha taraqqiyot yoʼlini bosib oʼtgan oʼzbek tili hamisha barhayot, uning bebaho lugʼat xazinasi hech bir xalqda yoʼq. Go‘zal tilimizni asraylik, uning sofligi uchun hissa qo‘shaylik.