Bugun yurtimizda Mamlakat va millatning demokratik yo‘lidagi muhim bosqichni ifodalovchi saylov muhiti butun xalq maqsadlarini o‘zida birlashtirdi. Ulg‘ayib borayotgan milliy davlatchilik tizimi xalqimiz xohish irodasini namoyon etgan holda, saylovdan saylovgacha bo‘lgan davrlarda ko‘plab o‘zgarishlarni, saylov mexanizmida talaygina innovatsiyalarni amalga oshirdiki, ular katta samaradorlik, shaffoflik va inklyuzivlikni taʼminladi.
Аhamiyatlisi, Yangi O‘zbekiston tarixida ilk marotaba Qonunchilik palatasiga saylovlar majoritar va proportsional vakillikni birlashtiruvchi aralash saylov tizimi orqali o‘tkazildi. Bu o‘zgarish ovoz beruvchilarga deputatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylash imkonini hamda o‘zi munosib deb tanlagan partiyaga ovoz berish huquqini berdi. Bu tizim esa o‘z istiqboliga ega bo‘lib, muvozanatli vakillik organlarini yaratishga asos bo‘ladi hamda demokratik legitimlikni kuchaytirish, siyosiy ovozlarning keng spektrini taʼminlaydi. Ushbu yangilanishlar asnosida bugun Farg‘ona viloyatida ham ko‘tarinki ruhda “Mening tanlovim — obod Vatanim” shiori ostida saylovlar davom etdi.
Xalqimizning tashabbuskor shiddati, o‘zgarishlarga bo‘lgan intilishlari va vatanparvarligini o‘zida mujassam etgan ushbu shior har bir saylovchiga o‘zgacha ko‘tarinkilik bag‘ishlay oldi. Bunda Farg‘ona davlat universitetining ko‘p sonli jamoasi va talaba-yoshlari saylovoldi targ‘iboti jarayonlariga munosib hissasini qo‘shish bilan birga, o‘z fuqarolik pozitsiyasini baralla namoyon etishga, saylov huquqi mohiyatini xalqchil ifoda etishga katta qiziqish, xayrixohlik bildirdilar va birdamlikda harakat olib bordilar.
Saylovlarda fuqarolarimizning faollik, uyushqoqlik bilan ovoz berishlari keng jamoatchilik va jahon hamjamiyatiga uch ming yillik tarixga ega buyuk xalqimizning, shuningdek, ushbu qutlug‘ zaminda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining yuksak huquqiy saviyasi, siyosiy madaniyatini namoyon etdi.
Demakki, Yangi O‘zbekistonning saylov transformatsiyasi zamonaviy texnologiyalar orqali demokratiyani yanada mustahkamlash bosqichini samarali bosib o‘tmoqda. Bugungi saylovlar misolida aytish kerakki, Prezidentimiz tashabbuskorligida mamlakatimiz taqdiri o‘zgarib, yuksalib borar ekan, bu manfaatlar mevasidan bahramand bo‘layotgan har bir fuqaro — mazkur islohotlarning amalga oshishida, yoshlarimiz hayotida o‘z ifodasini topishida masʼul ekanligimizni unutmasligimiz zarur.
Bahodir SHERMUHAMMADOV,
Fargʻona davlat universiteti rektori