Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda Farg‘ona davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Memorandum o‘zaro manfaatli sohalarda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, doktorantlar, magistrantlar, professor-o‘qituvchilar va harbiy xizmatchilarning ilmiy malakasini oshirish maqsadida amaliyot o‘tashini tashkil etish, qo‘shma madaniy, ilmiy, harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini amalga oshirish maqsadlariga qaratilgani bilan e’tiborlidir. Tadbir davomida “Qo‘mondon va yoshlar uchrashuvi” ham tashkil etilib, unda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Oybek Saidov talaba-yoshlar bilan suhbatlashdi. Samimiy muloqot davomida talabalar tomonidan Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar, yangiliklar, bugungi kunda milliy armiyamiz safida xizmat o‘tash talablari, harbiy xizmatchilarga berilayotgan imtiyozlar, shuningdek, qo‘mondonning hayot yo‘lida erishgan natijalariga katta qiziqish bildirildi.
Tadbir doirasida “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida bayramona dastur namoyish etildi. Harbiy orkestrning jo‘shqin kuy va qo‘shiqlari, faxriy qorovulning saf chiqishlari hamda qurol-aslahalar ko‘rgazmasi barchada katta taassurot qoldirdi.