Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 335
  • Ko`rib chiqilganlar 295
    • Takliflar 49
    • Arizalar 251
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 40

​МA'RIFAT ULASHIB

08:57, 04.12.2024      



Bugun Farg‘ona davlat universitetining Filologiya fakultetida "Ma'rifat ulashib" loyihasi doirasida taniqli ijodkorlar – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Istiqlol tonggi” mukofoti sovrindori, Xalqaro Robindranat Tagor mukofoti sohibi, Turon Fanlar akademiyasi akademigi, «Sharq yulduzi» jurnalining adabiyotshunoslik bo‘limi mudiri, taniqli shoir- Muhammad Ismoil, "Tahsin" hamda „Kelajak bunyodkori“ davlat mukofoti sohibi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yozuvchi va dramaturg- Javlon Jovliyev bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv avvalida ijodkorlar mamlakatning "Yashil Makon" loyihasiga munosib hissa qo'shgan holda, fakultet bog'iga ezgu tilaklar bilan yangi nihollar o'tqazdilar. Shuningdek, loyiha mehmonlari fakultetda yosh qalamkashlar uchun yaratilgan ijodiy muhit, xalqimiz suygan shoir va adiblar xotirasiga bag'ishlab barpo etilgan o'quv xonalari bilan yaqindan tanishdilar.

Ijodiy uchrashuv boshlanar ekan, dastlab Farg‘ona davlat universiteti prorektori Zokirjon Rahimov so'z olib, bugungi ajoyib kecha sohiblarini tashrif bilan samimiy qutladi va davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hududlarda davom etayotgan "Ma'rifat ulashib" loyihasi asosida oliygohda amalga oshirilgan ishlar, ushbu ijodkorlar faoliyatiga bag'ishlangan ma'rifiy targ'ibot tadbirlari xususida alohida to'xtalib o'tdi. Tadbirda hurmat va ehtirom ramzi sifatida ijodkorlarga universitet rektorining esdalik sovg'alari topshirildi. Shuningdek, mehmonlar universitet hayoti, ta'lim jarayonlari hamda talaba-yoshlar o'rtasidagi kitobxonlik tanlovlari bilan tanishtirib o'tildi. Tanishuv sifatida tadbirda talabalar e'tiboriga ushbu adiblar hayoti va ijodiga bag'ishlangan videoroliklar namoyish etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan shoir Muhammad Ismoil bugungi kutilgan tadbir o'zgacha ko'tarinki ruhda tashkil etilganligini e'tirof etdi va bu oliygohdan ne-ne zabardast ijodkorlar yetishib chiqqani, mazkur an'anani buguning yoshlari davom ettirishlari zarurligini uqtirdi. Talabalarga o'z tilaklarini bildirgan ijodkorlar ushrashuvda Farg'ona ahlining mehnatkashligi va samimiyligi, yoshlarning adabiyotga mehri, ma'rifatsevarligini alohida ta'kidladilar. Millatning yuksalishida adabiyot va ona tili ilmi, ziyolilarning mehnati beqiyos ahamiyatga ega ekanligi aytib o'tildi. Ijodkorlar bilan bo‘lgan mazkur qizg‘in adabiysuhbatlar talabalarda katta taassurot uyg‘otdi va ijodiy maqsadlar yo‘lida ilhomlantirdi. Bunda ijodkorlar talabalarga adabiyotga doir savollar bilan yuzlandi va muloqotda faol qatnashgan ishtirokchilar badiiy kitoblar bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga "Ma'rifat ulashib" loyihasi doirasida viloyatimizdagi umumta'lim maktablarida, jumladan, Oltiariq tumanidagi 14-, 20-, 21-sonli maktablarda ham ijodiy uchrashuvlar bo'lib o'tdi.. Tadbirlar qizg'in, mulohaza va bahslarga boy tamoyilda o'tdi. Shoirlarning shе'rlari, "Qo'rqma" romani asosida o'quvchilar tomonidan ijro etilgan sahna ko'rinishlari jarayonlarni yanada boyitdi. Ekologiya oyi munosabati bilan maktablar hovlisiga ramziy ko'chatlar o'tqazildi. Uchrashuvlar yig'ilganlarda katta taassurotlar uyg'otdi. Oliygohda “Ma’rifat ulashib” loyihasi davom etar ekan, ijodiy uchrashuvlardan so'ng FarDUning Talabalar turar joylarida yoshlarning gulxan atrofidagi she’rxonlik kechalari tashkil etildi.