Indoneziyaning "UI GreenMetric" xalqaro reyting tashkiloti oʼzining 2024 yil uchun natijalarini eʼlon qildi. Unda Fargʼona davlat universiteti Top-500 talikdan joy olib, 6760 ball bilan dunyo reytingida 483-oʼrinni egalladi. Quvonarlisi, bunda FarDU taʼlim yoʼnalishlarida 1575 ball, shuningdek, chiqindilarni yoʼnaltirish boʼyicha 1500 ball bilan Oʼzbekiston oliy taʼlim muassasalari orasida 1- va 2-oʼrinni band etdi. Fargʼona davlat universitetining bunday yuqori natijalarni qisqa muddatda qoʼlga kiritishida universitet rahbariyati va professor-oʼqituvchilarining hissasi katta. Shuningdek, FarDUning mazkur nufuzli reyting tashkiloti bilan muntazam olib borgan muloqoti ham juda katta samara berdi. Аhamiyatli jihati, oʼtgan yili reytingda 738-oʼrinda turgan oliygoh joriy yilda katta harakat bilan oʼz oʼrnini 255 pogʼona yuqoriga koʼtarishga erishgan.
Maʼlumot uchun, "UI GreenMetric" reytingi universitetlarni quyidagi 6 ta asosiy mezon boʼyicha baholaydi:
Infratuzilma
Universitetning ekologik barqarorlikka qaratilgan umumiy infratuzilmasi, yashil hududlar miqdori va sifatiga asoslanadi.
Energiya va iqlim oʼzgarishi
Energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish, karbonat chiqindilarni kamaytirish, hamda iqlim oʼzgarishiga moslashuv choralariga qaratilgan.
Chiqindilarni qayta ishlash
Universitetning chiqindilarni qayta ishlash va ularni kamaytirishga oid tashabbuslari, chiqindilarni ajratish tizimi.
Suv resurslari
Suvni tejash, qayta foydalanish, uni ifloslanishdan himoya qilish va boshqa suv resurslarini samarali boshqarish yoʼnalishlaridagi faoliyati.
Transport
Universitet hududida yashil transport tizimining joriy etilishi, transportdan foydalanishda ekologik zararlarni kamaytirish va barqaror transport siyosati.
Taʼlim va tadqiqotlar
Barqaror rivojlanish va ekologik muammolarni yorituvchi taʼlim dasturlari va tadqiqotlar darajasi. Bu universitetning ushbu yoʼnalishdagi ilmiy xodimlari va talabalari faoliyatini ham oʼz ichiga oladi.
Ushbu mezonlar universitetlarning global ekologik va barqarorlik darajasini baholash uchun muhimdir. Har bir mezon boʼyicha yigʼilgan ballar oliygoh umumiy reytingini belgilaydi. Fargʼona davlat universitetining ushbu reytingda yuqoriga koʼtarilishi - Muhtaram Prezidentimizning 2022–2026-yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, “yashil” iqtisodiyotga oʼtish strategiyasi doirasida “yashil” va inklyuziv iqtisodiy oʼsishni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashni yanada kengaytirish maqsadlari oliygohda ustuvor vazifa ekanligini koʼrsatib berdi.