Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 335
  • Ko`rib chiqilganlar 295
    • Takliflar 49
    • Arizalar 251
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 40

Farg‘ona davlat universiteti — Prezident sovg‘asi sohibi

09:55, 23.12.2024      


«Zakovat» intellektual o‘yinini ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bugun o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda. Mazkur «aql jangi» ishtirokchilarning mantiqiy fikrlashini oshiradi, bilimdonlarni keyingi bosqichga saralash orqali raqobat va rag‘bat bilan tinimsiz o‘rganish, izlanishga yo‘naltiruvchi ko‘prik vazifasini bajaradi. Aytish kerakki, mazkur o‘yin tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmasidan qanchadan-qancha iqtidorli, bilim egalarini yuzaga chiqardi, ilmtalab yoshlarni ortidan ergashtirdi.

Jumladan, zukko bilimdonlarni o‘z bag‘riga jamlagan Farg‘ona davlat universitetining iqtidorli talaba-yoshlari «Zakovat» intellektual o‘yini hamda turli bilimlar bellashuvlarida uzluksiz ishtirok etib, eng yaxshi natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqdalar. Davlatimiz rahbarining ushbu intellektual o‘yin rivoji uchun qaratgan e’tibori, zakovatli yoshlar uchun yaratgan shart-sharoitlari natijasida 2023 yilda o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan «Zakovat» turnirining respublika bosqichida «FarDU» jamoasi 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2024 yilda 2-o‘ringa, Farg‘ona davlat universiteti akademik litseyi esa 1-o‘ringa yuksaldi.

E’tirof etish kerakki, joriy yilning 16-20 dekabr kunlari oliy ta’lim muassasaalari o‘rtasida o‘tkazilgan «Intellektual olimpiada» turnirida sportning shashka bahslarida fizika-matematika fakulteti 4-bosqich talabasi Ismoiljon Ismoilov faxrli 1-o‘rinni egalladi.Bu g‘alaba barchamiz uchun quvonchli xushxabar bo‘ldi. Shuningdek, intellektual olimpiadaning erudit kvartet turnirida esa Farg‘ona davlat universiteti jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, 100 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng quvonarlisi, yaqinda e’lon qilingan intellektual olimpiadaning yakuniy natijalariga ko‘ra, Farg‘ona davlat universiteti umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi va Prezident sovg‘asi — 1,5 milliard so‘m pul mukofoti sohibiga aylandi. Bu yutuqlar yakunlanayotgan yilning muvaffaqiyatlarga boy intihosi va kelayotgan yangi yilning omadli debochasidir. Albatta, bu g‘alabalar ortida oliygoh rektori boshchiligidagi jamoaning tinimsiz mehnatlari mujassam. Bugun yuraklarida Vatan mehri jo‘sh urayotgan, tomirlarida daholar qoni gupirib oqayotgan Yangi O‘zbekiston farzandlari kelgusida albatta, o‘zligini, ilmini butun dunyoga namoyon etadi, kuchli intellektual poydevorga ega bo‘lgan qudratli davlatni barpo etadi. Ertaga ular orasida Farg‘ona davlat universitetining baxtli talabalari ko‘pchilikni tashkil qilishiga shubhamiz yo‘q.