Farg'ona davlat universiteti faoliyatida sermahsul natijalarga ega bo'lgan 2024-yil yakunlanib borar ekan, joriy yil talaba-yoshlar hayotida ham yuksak yutuqlar davri bo'ldi. Joriy 16-20-dekabr kunlari o‘tkazilgan oliy ta’lim muassasaalari o‘rtasida “Intellektual olimpiada” turniridagi sportning shashka bahslarida fizika-matematika fakulteti 4-bosqich talabasi Ismoiljon Ismoilov faxrli 1-o‘rinni egallashi ayniqsa, barchamiz uchun quvonchli voqea bo‘ldi. Shuningdek, Intellektual olimpiadaning Erudit kvartet turnirida esa Farg‘ona davlat universiteti 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, 100 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Faxrlanib aytish kerakki, Intellektual olimpiadaning yakuniy natijalariga ko‘ra, Farg‘ona davlat universiteti umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi va Prezident sovg‘asi 1,5 milliard so‘m mukofot bilan taqdirlandi. Bu yutuqlar yakunlanayotgan yilning muvaffaqiyatlarga boy intihosi va kelayotgan yangi yilning omadli debochasidir. Yangi yil bayrami arafasida oliygohning Ma'naviyat va ma'rifat markazida bo'lib o'tgan sarhisob tadbiri ham tashabbuskor, faol, ko'plab yutuqlarga erishayotgan talabalarni taqdirlashga bag'ishlandi.