Farg‘ona davlat universitetida yoshlar bilan ishlash, ularda ilm-fanga bo‘lgan rag‘batini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani, o‘tgan yillar ichida mazkur sa’y-harakatlar o‘zining yangi taraqqiyot bosqichga ko‘tarilganini alohida e’tirof etishimiz zarur. Zotan, ilm dargohida bir maqsad ostida jamlangan talaba-yoshlar, 1000 nafarga yaqin yosh olim-izlanuvchilari bilan ulkan marralarga intilayotgan otaxon universitet yildan yilga navqironlashib, yoshlikka xos shijoat, hayotsevarlik, intiluvchanlik kasb etib bormoqda.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda universitetimizda iqtidorli talabalar bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilib, izlanuvchan talabalarni qo‘llab-quvatlash, ularni ilmga yo‘naltirish, qobiliyatlarini rivojlantirish tizimining kuchaytirilishi natijasida bugun ushbu oliy ta’lim dargohida bilim olib, ta’limda yuksak natija ko‘rsatayotgan, har jabhaga yutuqlarga erishayotgan talabalar juda ko‘pchilikni tashkil qilmoqda.
Xususan, kechagina poytaxtimiz Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Intelektual olimpiadaning «Erudit» kvartet yo‘nalishidagi dramatik va o‘ta hayajonli finalda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Farg‘ona davlat universitetining iqtidorli talabalari orasidan joriy yil hisobiga ko‘ra, 20 nafar nomdor stipendiya sohiblari yetishib chiqdi. Bulardan 1 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, 13 nafari Navoiy nomli davlat stipendiyasi, 1 nafari Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi, 2 nafari Mirzo Ulug‘bek, 1 nafari Bobur nomli davlat stipendiyasi, 1 nafari Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasini ko‘lga kiritdilar. Shuningdek, 15 nafar intiluvchan yoshlar universitet ichki stipendiyalariga munosib deb topildi.