Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 335
  • Ko`rib chiqilganlar 295
    • Takliflar 49
    • Arizalar 251
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 40

​Farg‘ona davlat universiteti yoshlari sport sohasida birinchilar safida

09:20, 27.12.2024      


Oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan «Besh tashabbus olimpiadasi» sport musobaqalari Respublika bosqichida sportning stritbol turi bo‘yicha FarDU qizlar jamoasi faxrli 1-o‘rinni egalladi.

Farg‘ona davlat universitetida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘z natijasini bermoqda. Yoshlarning ommaviy sportga qiziqishlarini yanada oshirish, sport turlari bo‘yicha universitet terma jamoalarini oliy liga chempionatlariga olib chiqish, shuningdek, oliygohdan nayza uloqtirish bo‘yicha Paralimpiada oltin medali sohibi Yorqinbek Odilov, O‘zbekiston kamonchi xotin-qizlari tarixida ilk bor kamondan o‘q otish bo‘yicha jahon olimpiadasiga chiqqan Ziyoda Abdusattorova, Chernogoriyaning Budva shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida faxrli 3-o‘rinni egallagan Oisha Toirova, Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida kurash bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan Diyor Polvonboyev kabi chempion talaba-yoshlarni dunyoga yetishtirib chiqarish borasida FarDU jamoasi harakatdan aslo to‘xtagani yo‘q.

Shuningdek, To‘maris izdoshlari bo‘lgan sportchi qizlarimiz ham faqat oldinga intilmoqda. Yaqinda oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan «Besh tashabbus olimpiadasi» sport musobaqalari Respublika bosqichida sportning stritbol turi bo‘yicha FarDU qizlar jamoasining faxrli 1-o‘rinni egallagani — yuqoridagi fikrlarimizning chin tasdig‘i bo‘ldi.

Alohida ta’kidlash kerakki, sportning futbol turi bo‘yicha tashkil etilayotgan musobaqalarda ham universitet yoshlari yetakchilikni qo‘ldan bermay kelmoqdalar. Davlatimiz rahbarining «O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida«gi Farmoni, shuningdek, joriy yil 11 aprelda Muhtaram Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oliygohning «FarDU« futbol jamoasi tuzilib, unga yangi bosh murabbiy sifatida o‘zbek futbolining haqiqiy afsonasi, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi« — Sergey Lebedov tayinlangan edi. Ahamiyatlisi, yaqinda Farg‘onada start olgan futbol bo‘yicha viloyat birinchiligi — Ikkinchi liga bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan FarDU jamoasi yakunda chempionlikni qo‘lga kiritdi. Mazkur natija orqali jamoa Birinchi liga yo‘llanmasiga ega chiqdi. 2024 yilgi mavsumda FarDU futbol klubi O‘zPFL tasnifida o‘tayotgan professional futbol chempionatida ishtirok etdi va Sharq mintaqasida 2-o‘rin sohibi bo‘ldi.

Birinchi liga Reglamentiga ko‘ra, musobaqa yakunida Sharq va G‘arb mintaqasidan eng kuchli 8 ta jamoa pley-off bahslarida ishtirok etishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, shu yilning 4-11 noyabr kunlari Toshkent shahrida tashkil etilgan pley-off bahslarida FarDU jamoasi musobaqaning yarim final bosqichiga qadar yetib bordi va yakunda 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, musobaqa bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Ta’kidlash joizki, FarDU jamoasi hujumchisi Riza Ayvazov ortda qolgan 2024 yilgi mavsum davomida jami 25 ta gol kiritib, Birinchi liga to‘purarlari jadvalida mutlaq g‘olib bo‘ldi. Ushbu g‘alabaga FarDU futboli tarixida birinchi marotaba erishildi. Albatta, ushbu muvaffaqiyatlar zamirida yoshlar sporti rivojiga alohida e’tibor qaratib, yurtimizda futbol taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan oliygoh rektori Bahodirjon Shermuhammadovning izlanishlari, sportsevarligi ko‘rinib turibdi.

Bu yutuqlar, erishilgan g‘alabalar negizini xolis tahlil qilgan holda aytish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning ikkinchi yo‘nalishi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashda eng muhim omildir.

Dilobar Gafurova,

FarDU Axborot xizmati