Talaba-yoshlar o‘rtasida “Jadidlar jasorati – millatimiz faxri” hamda “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzularida o‘tkaziladigan insholar tanlovi
NIZOMI
I. Umumiy qoidalari
1. Mazkur nizom talaba-yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Jadidlar jasorati – millatimiz faxri” hamda “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzularidagi insholar tanlovi (keyingi o‘rinlarda – tanlov)ni o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Tanlovda universitetda tahsil olayotgan talaba va magistrlar o‘zlari yozgan insholari bilan ishtirok etadi.
3. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish jarayoni yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.
II. Tanlovni o‘tkazish bosqichi va muddatlari
4. Insholar tanlovi ikki bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi, fakultet bosqichi 2025-yil 6-11-yanvar kunlari o‘tkaziladi.
Ikkinchi, universitet bosqichi 2025-yil 15-yanvar kuni o‘tkaziladi.
III. Tanlovni tashkil etish va g‘oliblarini aniqlash tartibi
5. Talabalarning ijodiy ishlari fakultetlar va universitet kesimida tuzilgan hakamlar Hay’ati tomonidan tanlov shartlari va mezonlari asosida baholanadi.
6. Tanlovning fakultet bosqichini o‘tkazish bo‘yicha fakultet dekani raisligida professor-o‘qituvchilar, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda hakamlar Hay’ati tuziladi.
7. Talabalar tomonidan yozilgan insholar biriktirilgan tyutor, murabbiy yoki fakultet dekanining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosariga taqdim etiladi. Dekan o‘rinbosari insholarni umumlashtirib, fakultetda tuzilgan hakamlar Hay’atiga taqdim etadi. Hakamlar Hay’ati tanlov nizomi talablari asosida ijodiy ishlarni baholab, g‘oliblarni aniqlaydi.
8. Dekan o‘rinbosari tomonidan tanlovning fakultet bosqichi o‘tkazilganligi to‘g‘risida bayon va 1-o‘rinni olgan g‘olib talabaning inshosini 2025-yil 13 -yanvar kuniga qadar Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limiga taqdim etadi. Belgilangan muddatdan kechikkan ijodiy ishlar qabul qilinmaydi.
9. Tanlovning ikkinchi, universitet bosqichida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor raisligida hakamlar Hay’ati tuziladi. Hakamlar Hay’ati tanlovning universitet bosqichi g‘oliblarini tanlov Nizomi asosida baholaydi va g‘oliblarni aniqlaydi.
10. Universitet bosqichi belgilangan kunda fakultetda 1-o‘rinni olgan ishtirokchilar Axborot-resurs markazida insho yozadilar. Ushbu bosqich o‘tkaziladigan muddat to‘g‘risida ishtirokchilarga ma’lumot yetkaziladi.
IV. Tanlov shartlari va baholash mezonlari
11. Tanlovga taqdim etiladigan insholar quyidagi mezonlarda baholanadi:
- mavzuning mazmun-mohiyati ochib berilganligi – 20 ball;
- jadidlar jasorati asarlari va g‘oyalari ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi mardona kurashi va fidoyiligini ochib berilganligi – 20 ball;
- imloviy savodxonligi, so‘z boyligi va uslubiy mahorati – 20 ball;
- jadidlarning Vataniga sadoqatli, vatanparvar insonlar qilib tarbiyalashdagi fikr qarashlarini ochib berilganligi – 20 ball;
- xulosaviy fikrlar mavjudligi va ularni ifoda etish mahorati – 20 ball;
- insho matni talabalar tomonidan yozma shaklda bayon etiladi.
12. Tanlov 100 ballik tizimda baholanadi.
V. Tanlov g‘oliblarini rag‘batlantirish
13. Tanlovning fakultet bosqichi g‘oliblari fakultet dekanati tomonidan I, II, III-darajali diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
14. Tanlovning universitet bosqichi g‘oliblari universitet rektorining I, II, III-darajali Diplomi va universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
“Jadidlar jasorati – millatimiz faxri” mavzusidagi insholar tanlovi g‘oliblari:
1-o‘rin – 1 000 000 (bir million) so‘m;
2-o‘rin – 800 000 (sakkiz yuz ming) so‘m;
3-o‘rin – 500 000 (bez yuz ming) so‘m.
“Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi insholar tanlovi g‘oliblari:
1-o‘rin – 1 000 000 (bir million) so‘m;
2-o‘rin – 800 000 (sakkiz yuz ming) so‘m;
3-o‘rin – 500 000 (bez yuz ming) so‘m.
VI. Yakuniy qoidalar
15. Tanlovni o‘tkazish jarayoni bilan bog‘liq nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
16. Tanlov bilan bog‘liq jarayonlar OAVda, jumladan universitetning rasmiy veb-sayti va universitet rektorining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida keng yoritiladi.