Farg‘ona davlat universitetida oliygoh rektorining birinchi bosqich doktorant, tayanch doktorant, stajor-tadqiqotchilar bilan uchrashuvibo'lib o'tdi. Unda Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning doktorantura institutiga oid masalalar qamrab olindi.
Ta’kidlash joizki, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-oktyabrdagi "Ilm- fanni 2030-yilgacha rivojlantirish kontsepsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida"gi PF-6097-son, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi "Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi 304- sonli Qarori bilan tasdiqlangan "Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim toʼgʼrisida"gi Nizom hamda vazirlikning tegishli hujjatlari asosida yoʼlga qoʼyilgan. Ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning samarasini bugun Farg‘ona davlat universitetida ilmiy salohiyatning sezilarli oshib borayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.
So‘nggi 4 yilda universitet professor-oʼqituvchilarining ilmiy salohiyati muttasil oʼsib 2021-yildagi 26,6% dan 2024-yilda 53% ga koʼtarildi. Bu natijalarni oliy taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan 70% ga koʼtarish bevosita ilm- fan bilan shugʼullanayotgan yosh tadqiqotchilar zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Bugungi kunda universitetimizda jami 601 nafar tadqiqotchilar ilmiy faoliyat bilan shugʼullanmoqda. Ulardan 15 nafar doktoranturada, 289 nafar tayanch doktoranturada, 24 nafari maqsadli doktoranturada, 271 nafari mustaqil izlanuvchilik institutida, 2 nafari stajor-tadqiqotchi institutida tahsil olmoqda. Bu koʼrsatkichlar boʼyicha Fargʼona davlat universiteti Respublikada yetakchi oʼrinlardan birini egallab kelmoqda. Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning doktorantura institutiga 2022-yilda 53 nafar, 2023-yilda 105 nafar, 2024-yilda 93 nafar, 2025 yilda 115 nafar talabgorlar qabul qilindi. Universitet rektori bu yilgi qabul jarayonlarini halollik va oshkoralik tamoyillari oʼtganligini taʼkidlab, olimlik maqomining maʼsulyati va unga erishish yoʼlidagi mashaqqatli mehnat zarurligi, ilmiy-tadqiqotni toʼgʼri tashkil etish, ilm, tajriba va tashkiliy masalalar boʼyich mos keluvchi ilmiy rahbarlarni tanlash boʼyicha yosh tadqiqotchilarga foydali maslahatlar berdi.