Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 335
  • Ko`rib chiqilganlar 295
    • Takliflar 49
    • Arizalar 251
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 40

​“Yashil“ energiya sohasida o‘zaro manfaatli aloqalar

08:37, 23.01.2025      


Mamlakatimizning arab davlatlari bilan hamkorligi jadal rivojlanmoqda. Bugun Birlashgan Arab Amirliklari O‘zbekistonning mintaqadagi asosiy sheriklardan biriga aylanayotgani fikrimizning yorqin dalilidir. Ikki davlat o‘rtasidagi yuqori darajadagi ishonch, do‘stona munosabat so‘nggi yillarda sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Davlatlar o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yilda o‘rnatilgan bo‘lsada, hamkorlikning hozirgi darajasiga 2019 yilda Prezidentimizning Abu-Dabiga tashrifidan so‘ng erishildi. O‘tgan hafta davlatimiz rahbarining BAAda bo‘lgan rasmiy muzokaralari yanada yaqin, ishonchli va o‘zaro manfaatli aloqalarni shakllantirishga yangi sur’at bag‘ishladi.

«Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi» sammitida raqamli iqlim aloqasi, kelajakni moliyalashtirish, energiyani saqlashdagi innovatsiyalar, «yashil» iqtisodiyot sohasida barqaror taraqqiyotni ta’minlash, innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni joriy etish kabi masalalar muhokama qilindi. Prezidentimiz sammitda so‘zlagan nutqi orqali bugun energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ularning muvozanatida uglevodorod ulushini keskin kamaytirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish ahamiyati, ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishning resurslar tejamkorligiga asoslangan «yashil» rivojlanish modeliga o‘tish yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi ekaniga yig‘ilganlar e’tiborini qaratdi.

Bugun mamlakatimiz «yashil» iqtisodiyot, «yashil» energetika, infratuzilmani rivojlantirish orqali yangi investitsiya va texnologiyalarni jalb etmoqda. Bu borada BAA investitsiyalarni daromadli va texnologiyalarni samarali qiladigan ishonchli sherikdir. Eng ahamiyatlisi, hamkorlar davlatimiz rahbarining barqaror rivojlanish borasidagi sa’y-harakatlari va tashabbus larini e’tirof etmoqda. 2030 yilga borib, O‘zbekiston CO2 emissiyasini 35 foiz kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini esa 54 foizga yetkazishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Davlatimiz rahbarining «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi»dagi nutqi mohiyatidan barchamiz chuqur anglaganimizdek, tabiatni asrash bo‘yicha O‘zbekiston tashabbuslari siyosiy maqsad emas, balki kelajak avlod oldidagi mas’uliyatni ko‘rsatib bermoqda.

Sammit doirasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar yomg‘ir suvini to‘plash va filtrlash loyihasi uchun Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi mukofotga sazovor bo‘lgani e’lon qilindi. Besh yo‘nalishda ta’sis etilgan va 150 dan ortiq davlat, 6000 ga yaqin loyiha orasidan mukofotning «Global o‘rta maktablar» nominatsiyasida aynan Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari g‘olib deb topilgani yurtimizda yoshlar ta’limiga qaratilayotgan e’tibor, farzandlarimizga maktab yoshidan singdirilayotgan ilm ishtiyoqi, global ekologik muammolarga insoniy yondashuv, chinakam daxldorlik ruhi, yangi O‘zbekistonning yangi avlodini yetishtirish yo‘lida qilinayotgan mashaqqatli mehnatning totli mevasini butun dunyoga namoyon etdi. Shuningdek, ona tilimiz BMTning 6 rasmiy tili bilan bir qatorda sinxron tarjima qilingan yagona til bo‘lgani o‘zbek tilining xalqaro maydonda oshib borayotgan nufuzi, dunyo mamlakatlarining O‘zbekistonga hurmatini ko‘rsatdi.

Kuchli siyosiy diplomatiya orqali keng iqtisodiy hamkorlikka yo‘l ochayotgan Prezidentimiz ushbu tashrifi doirasida BAAdagi ko‘plab vazirlar va yirik kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi. Jumladan, investitsiyalar vaziri, ADQ xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi yetakchi kompaniyalar delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Har bir kompaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilandi. Infratuzilmani rivojlantirish, shaharsozlik, energetika, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, kommunal xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish haqida so‘z yuritildi. Bundan tashqari, davlatimiz rahbari BAA sun’iy intellekt vaziri Umar bin Sulton alOlama, «AMEA Power» kompaniyasi rahbari Husayn al-Novays, «M42» kompaniyasi rahbari Hasan Jasim al-Novays va «IFFCO Group» kompaniyasi rahbari Sheroz Allanni qabul qildi. Mazkur kompaniyalar turli yo‘nalishlarga ko‘ra, jahonning yetakchi kompaniyalaridan va ular bilan kelgusida hamkorlikni mustahkamlash, albatta, O‘zbekiston uchun ham samarali bo‘lishi shubhasiz.

Ahamiyatlisi, davlatimiz rahbarining Muhammad bin Zoid nomidagi universitet bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlash va sun’iy intellekt sohasidagi ilmiy tadqiqotlarga oid qo‘shma dasturni ishga tushirish borasidagi taklifi yurtimiz yoshlari va ziyo ahlining dilidagi istakni o‘qib turgandek ezgu tashabbus bo‘ldi.

Yangi O‘zbekistonning buguni va ertasi uchun sermahsul o‘tgan sammitda davlatimiz rahbari barqaror rivojlanish va «yashil» taraqqiyot yo‘lida yurtimiz butun dunyoga ochiq ekanini baralla ta’kidlar ekan, barcha ishtirokchilarni keng ko‘lamli amaliy hamkorlikka chorladi.

Prezidentimizning dadil va aniq maqsadga qaratilgan tashqi siyosati tufayli endi mamlakatimizning strategik sheriklari qatoriga BAA ham qo‘shildi. Bu, shubhasiz, diplomatik munosabatlarda O‘zbekistonning yanada yuqori bosqichga ko‘tarilayotganini ifoda etadi. Barqaror rivojlanish sohasidagi O‘zbekiston — Birlashgan Arab Amirliklari muloqoti natijasida bugun «yashil» taraqqiyot umummilliy harakat darajasiga ko‘tarildi. Yurtimizda mintaqaviy hamkorlik yanada kuchayib, Markaziy Osiyoni «yashil» iqtisodiy rivojlanish va toza energiya markazlaridan biriga aylantirishdagi tashabbuslar ro‘yobga chiqadi.

Albatta, bu hamkorlik jarayonlarini yurtdoshlarimiz katta ishtiyoq va iftixor bilan kuzatar ekan, xushxabar bilan boshlangan tashrif O‘zbekistonga ko‘rsatilgan o‘zgacha hurmat-ehtirom, barqaror rivojlanish sammitidagi munosib ishtirok, 8 ta yuqori darajadagi muhokama va unda ustuvor bo‘lgan xalq manfaati, 20 ga yaqin kompaniyalar bilan uchrashuvlar, samarali kelishuvlar mohiyatan o‘zbekistonliklarning farovon hayoti uchun zamin yaratayotganini qalban his etdi.

Bahodirjon Shermuhammadov,

pedagogika fanlari doktori, professor