Bugun Farg'ona davlat universitetiga hamkorlik doirasida AQSHning "USAID" - xalqaro taraqqiyot agentligi delegatsiyasi tashrif buyurdi. "USAID" tashkiloti Oʼzbekiston missiyasi direktori David Hoffman, "USAID" missiyasining loyiha offisi direktori Charles Yasolitic, "USAID" missiyasining iqtisodiy rivojlantirish offisi direktori Kail Padgitt, Missiyaning iqtisodiy-siyosiy boʼlim boshligʼi Marianna Neyculer, loyihalarni boshqarish boʼyicha mutaxassis Baxtiyor Mirzabayev, jamoatchilik bilan aloqalar boʼyicha mutaxassis Sanobar Xudoybergenovalardan iborat mehmonlarni FarDU rektori Bahodirjon Shermuhammadov hamda viloyat hokimi o'rinbosari Sherzod Polvonovlar samimiy kutib oldilar.
Tashrif avvalida xalqaro tashkilot a'zolariga universitetning iqtisodiy, agrar, ijtimoiy faoliyatida amalga oshirilgan 70 ga yaqin innovatsion loyihalari batafsil tanishtirildi.
Uchrashuvning rasmiy muloqot qismida oʼzaro muzokaralarga kirishilar ekan, "USAID"ning O'zbekiston missiyasi direktori tashkilot nomidan samimiy va iliq, doʼstona munosabat uchun oʼz minnatdorchiligini bildirib oʼtdi.
Suhbat davomida Viloyat hokimi o'rinbosari Sherzod Polvonov Muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar, mamlakatimizga kirib kelayotgan xorijiy investitsiyalar koʼlami hamda dunyoning yetakchi davlatlari bilan yo'lga qo'yilayotgan xalqaro hamkorliklar xususida gapirib, Farg'ona viloyatining iqtisodiy sohada erishayotgan natijalari toʼgʼrisida alohida toʼxtalib oʼtdi.
Muloqotda rektor Bahodirjon Shermuhammadov universitetda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli xalqaro faoliyat, ilmiy-innovatsion yutuqlar va FarDUning rivojlanish strategiyasida koʼzlangan istiqbolli rejalar xususida batafsil gapirib oʼtdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda o'z faoliyatini samarali yuritib kelayotgan USAID tashkilotining amaldagi loyihalari eʼtirof etildi.
Hozirda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan "Yoshlar tadbirkorligi va biznesi" loyihasini Farg'ona viloyatida eksperiment sifatida sinab ko'rish taklifi oʼrtaga tashlandi.
Rektor mazkur taklifga javoban, mamnuniyat bilan oliygohning yuqori salohiyatga ega bo'lgan Iqtisodiyot fakultetida bu tajribani qo'llash mumkinligini bildirdi.
Kelishuvlar so'ngida har ikki tomon bergan taklif va tavsiyalari oʼzaro oʼrganilib, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga kelishib olindi va mehmonlarga Farg'ona davlat universitetining esdalik sovg'alari topshirildi.