Kuni kecha davlatimiz rahbarining yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan uch asosiy tashabbus ilgari surildi.
Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratilgan bo‘lsa,Ikkinchi qaror bilan oliygoh bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari ko‘plab reja va maqsadlarni aytib o‘tdilar. Darhaqiqat, yoshlarni ish bilan ta’minlash, o‘z iqtidori va salohiyatiga mos ish o‘rnini egallashiga ko‘maklashish masalasi dolzarb hisoblanmoqda. Shunga muvofiq ravishda bugun Farg‘ona davlat universitetida talaba-yoshlar va bitiruvchilar uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda oliygohning barcha fakultetlaridan talabalar faol ishtirok etdilar.
Mehnat yarmarkalari – bu ish izlovchilar va ish beruvchilarni bir maydonda uchrashtirib, ularga o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatini yaratadigan muhim tadbirdir. Bunday yarmarkalar ishsizlik muammosini kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kadrlar tanlash va malaka oshirish kabi masalalarni hal etishda muhim rol o‘ynaydi. Farg‘ona davlat universitetida talaba-yoshlar va bitiruvchilar uchun tashkil etilgan mehnat yarmarkasida ham aynan shu maqsad nazarda tutilgan.