Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatining nufuzli delegatsiyasi qardosh Turkiya Respublikasida muhim tashrif bilan bo‘lib turibdi. Delegatsiyaning asosiy tarkibidan Farg‘ona davlat universiteti rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligidagi universitetning yetakchi vakillari, shuningdek, viloyat madaniyat sohasining taniqli xodimlari o‘rin olgan.
Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy va strategik maqsad, Turkiya Respublikasi va Farg‘ona viloyati o‘rtasidagi mavjud bo‘lgan mustahkam ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirish, eng muhimi, ta’lim sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iboratdir.
Ushbu muhim vazifalarni amalga oshirish yo‘lida universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov Turkiyaning Erdemli shahar hokimi janob Oydin Tetik o‘g‘li bilan samimiy va konstruktiv uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari va uni rivojlantirish mexanizmlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Turkiya bo‘ylab safar tadbirlari dasturida bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar, jumladan, Turkiyaning bir necha yirik shaharlarida "Farg'ona kunlari"ni o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar doirasida Farg‘ona viloyatining boy tarixi, noyob milliy qadriyatlari, o‘ziga xos va uyg‘un an’analari turk xalqiga keng namoyish etiladi. Bu esa ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy almashinuvni yanada faollashtirishga xizmat qiladi.
Universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov o‘zining tashrifga oid fikrlarini bildirar ekan, shunday dedi: "O‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi ming yillik tarixga ega bo‘lgan qon-qarindoshlik aloqalari, mushtarak qadriyatlarimiz va tilimizdagi yaqinlik bugungi kunda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Xalqaro munosabatlarimiz jadal sur’atlar bilan rivojlanib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, ta’lim tizimida Turkiyaning ilg‘or texnologiyalari, fundamental va amaliy ilm-fan sohasidagi erishgan yutuqlarini Farg‘ona davlat universitetiga tatbiq etish, bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan talabalarimiz bilan birgalikda ta’lim sohasiga investitsiyalar kiritish, o‘zaro ta’lim ekspertlari almashinuvini amalga oshirish bo‘yicha jiddiy muzokaralar olib borilmoqda. Ushbu maqsadlarga erishish yo‘lida qator muhim memorandumlar imzolashni rejalashtirganmiz".
Ushbu tashrif Farg‘ona viloyati va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga, o‘zaro ishonch va hurmatni oshirishga, shuningdek, kelajakda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi shubhasizdir.
sinxron tarjima