Farg‘ona davlat universitetida quvonarli ilmiy xushxabarlar soni ortib bormoqda. Jjmladan, oliygohning "Falsafa va milliy g'oya" kafedrasi yetuk o‘qituvchisi, izlanuvchan olim Ismoilov Ixtiyorjon A’zamjonovich o‘zining ilmiy salohiyatini yuksak darajada namoyon etib, Namangan davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi nufuzli ilmiy kengashda oʼz tadqiqot ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Ixtiyorjon Ismoilovning "Jinoyat va jazo: xalqaro va milliy huquqiy tajribalarning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlari" mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi (PhD) 09.00.04 - Ijtimoiy falsafa ixtisosligi bo‘yicha taqdim etildi. Ilmiy kengash a’zolari tomonidan dissertatsiya mavzusining dolzarbligi, tadqiqotning chuqurligi, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati yuqori baholandi.
Himoya jarayoni ochiq va konstruktiv ruhda o‘tdi. Ixtiyorjon Ismoilov o‘zining ilmiy ishining asosiy mazmuni, olib borilgan tahlillar va erishilgan xulosalarni ishonchli tarzda taqdim etdi. Ilmiy kengash a’zolari tomonidan berilgan savollarga esa chuqur bilim va tahliliy qobiliyatini namoyon etgan holda to‘liq va asosli javoblar qaytardi.
Himoya yakunida ilmiy kengash a’zolari 100 foiz ovozbilan Ismoilov Ixtiyorjon A’zamjonovichga falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ushbu muvaffaqiyat Farg‘ona davlat universiteti ilmiy jamoasining yutuqlaridan biri bo‘lib, universitetning ilmiy salohiyati tobora yuksalib borayotganligini yaqqol ko‘rsatadi.