Farg‘ona davlat universiteti rektorining ilm-fan va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlari doirasida universitetning bir guruh professor-o‘qituvchilari xorijiy tajribani o‘rganish va malaka oshirish maqsadida qo‘shni Qozog‘iston Respublikasiga xizmat safariga yuborildi.
Xususan, universitet rektorining tegishli buyrug‘iga asosan, Sotsiologiya kafedrasi mudiri, dotsent A.Abdumalikov boshchiligidagi professor-o‘qituvchilarimiz joriy yilning 14-aprelidan boshlab 13-mayiga qadar Almatida joylashgan Abay nomidagi Qozog‘iston milliy pedagogika universitetida bo‘lib turibdilar.
Ushbu safar davomida Farg’ona davlat universiteti vakillari nufuzli Qozog‘iston universitetida zamonaviy pedagogik texnologiyalar, o‘qitish metodlari, ilg‘or ilmiy tadqiqotlar va ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha 144 soatlik malaka oshirish kurslarida faol ishtirok etmoqdalar. Mazkur kurslar davomida professor-o‘qituvchilar o‘z sohalari bo‘yicha yetakchi olimlar va pedagoglar bilan tajriba almashish, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ta’kidlash joizki, Abay nomidagi Qozog‘iston milliy pedagogika universiteti Markaziy Osiyodagi eng yirik va nufuzli pedagogika oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanadi. Ushbu universitet bilan o‘rnatilgan hamkorlik Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilarining xalqaro miqyosdagi professional darajasini oshirishga, o‘quv jarayoniga zamonaviy innovatsion yondashuvlarni olib kirishga va natijada universitet bitiruvchilarining sifatli ta’lim olishiga xizmat qiladi.
Kutilishicha, Farg’ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilarining ushbu malaka oshirish safari davomida olingan bilim va tajribalar universitetning o‘quv-uslubiy ishlarini takomillashtirish, yangi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va talabalarga zamonaviy bilim berish sifatini oshirishda muhim rol o‘ynaydi.
sinxron tarjima