Farg‘ona davlat universiteti xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish yo‘lida muhim qadam tashladi. Joriy yilning 17-aprel kuni universitet rahbariyati dunyoga mashhur Turk dunyosidagi birinchi hukumatlararo hamkorlik organi – Xalqaro Turk madaniyati tashkiloti (TURKSOY) rahbariyatini qabul qildi.
1993-yilda O‘zbekiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Turkmaniston Respublikasi va Turkiya Respublikasi hukumatlarining o‘zaro kelishuvi asosida tashkil etilgan TURKSOY turkiy xalqlarning boy umumiy madaniy merosini asrab-avaylash, ularning mushtarak madaniy qadriyatlarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va dunyoga tanitish borasida faol va samarali faoliyat olib bormoqda.
Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati va TURKSOY Bosh kotibi, ko‘p yillar davomida Qirg‘iz Respublikasi oliy ta’lim va madaniyat vaziri, davlat maslahatchisi, YUNESKO komissiyasi raisi, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan hurmatli janob Sulton Raev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan norasmiy, ammo konstruktiv uchrashuvda Farg‘ona davlat universiteti va TURKSOYga a’zo bo‘lgan qardosh davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi mavjud hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralar davomida quyidagi ustuvor masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli bitimlar imzolandi:
- Turkiyaning THE (Times Higher Education) va QS (Quacquarelli Symonds) kabi nufuzli xalqaro reytinglarda TOP 500 talikka kirgan Koç University, Middle East Technical University, Sabancı Universitesi, Istanbul Technical University, Ankara University kabi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirish orqali qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
- TURKSOYga a’zo davlatlar – Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning iqtidorli abituriyentlarini Farg‘ona davlat universitetining istiqbolli ta’lim yo‘nalishlariga maqsadli jalb qilish mexanizmlarini ishlab chiqish;
- TURKSOYning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb etish orqali Farg‘ona davlat universitetida zamonaviy ilmiy va o‘quv laboratoriyalarini tashkil etish va ularni eng so‘nggi uskunalar bilan jihozlash;
- Hamkorlikda turkiy xalqlarining boy tarixi, iqtisodiyoti, o‘ziga xos san’ati va betakror madaniyatiga bag‘ishlangan ko‘p jildlik ilmiy-ommabop monografiyalar tayyorlash va ushbu nashrlarni TURKSOYning investitsiyalari asosida Turkiya Respublikasida chop etish;
Ushbu erishilgan kelishuvlar Farg‘ona davlat universitetining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga, ta’lim sifatini yaxshilashga va turkiy dunyo bilan madaniy-ma’naviy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.