Joriy yilning 5-mart sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning muhim yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona davlat universitetida respublika ishchi guruhi tomonidan seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbir korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, bu illatning oldini olish va uni bartaraf etish yo‘llarini belgilashga qaratildi.
Seminarda respublika ishchi guruhi a’zolari, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida ta’lim tizimida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning ustuvor yo‘nalishlari xususida atroflicha fikr almashildi.
Ishchi guruhi vakillari korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uning iqtisodiy o‘sishga to‘siq bo‘lishi, ijtimoiy adolat tamoyillarini buzishi kabi oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Seminarda, ayniqsa, Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va amaliy ishlar ta’kidlab o‘tildi. Bu borada qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati xususida ma’lumotlari tushuntirildi.
Ishtirokchilar o‘z navbatida korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratining o‘rni, ta’lim muassasalarida shaffoflikni ta’minlash mexanizmlarini kuchaytirish, talaba-yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish kabi muhim masalalarga e’tibor qaratdilar.
Seminar davomida korrupsiyaga oid har qanday holatga murosasiz munosabatda bo‘lish zarurligi, bu illatga qarshi birgalikda kurashish orqaligina ijobiy natijalarga erishish mumkinligi ta’kidlandi.
Ushbu seminar korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning muhim bir qismi bo‘lib, universitet jamoatchiligining bu boradagi xabardorligini oshirish va faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi.