Universitet professor-o‘qituvchilari uchun PISA va TIMSS bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining topshiriqlariga muvofiq, Farg‘ona davlat universiteti tomonidan unga biriktirilgan umumta’lim maktablari uchun qator muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2025-yil 15–16-aprel kunlari Farg‘ona pedagogik mahorat markazida universitetning malakali professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘quv kurslarini tashkil etish masalasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – universitet professor-o‘qituvchilarining pedagogik salohiyatini yanada oshirish, ularga biriktirilgan maktablarda PISA (Programme for International Student Assessment) va TIMSS (Trends in International Mathematics and Science Study) xalqaro baholash dasturlari asosida samarali o‘quv-seminarlar tashkil etish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat boʼldi.
Qisqa muddatli o‘quv kurslari davomida professor-o‘qituvchilar xalqaro baholash dasturlarining mazmun-mohiyati, baholash mezonlari, topshiriqlarining tuzilishi hamda ularni o‘quv jarayoniga integratsiya qilish usullari bilan yaqindan tanishadilar.
Shuningdek, kurslarda interaktiv ta’lim metodlari, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va o‘quvchilarni xalqaro baholashlarga tayyorlashning innovatsion yondashuvlari bo‘yicha ham bilim va ko‘nikmalar beriladi.
Yig‘ilishda Farg‘ona pedagogik mahorat markazining malakali mutaxassislari ham ishtirok etib, o‘quv kurslarining dasturi, o‘tkazilish tartibi va kutilayotgan natijalar bo‘yicha batafsil ma’lumot berdilar.
Professor-o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.
Ushbu o‘quv kurslarining tashkil etilishi universitet professor-o‘qituvchilarining xalqaro ta’lim standartlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga, shuningdek, biriktirilgan maktab o‘quvchilarining PISA va TIMSS kabi nufuzli baholashlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishiga zamin yaratadi.
sinxron tarjima