Farg‘ona shahar hokimligida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, jumladan Farg‘ona davlat universiteti (FarDU)ning faol va tashabbuskor yoshlari hamda tadbirkorlik sohasida o‘z o‘rniga ega bo‘layotgan yoshlar bilan sermazmun muloqot tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv yoshlarning dolzarb muammolari, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar, bandlikni ta’minlash mexanizmlari va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishning muhim jihatlarini muhokama qilish uchun qulay platforma yaratdi.
Tadbirda shahar hokimligi mas’ullari, tegishli tashkilotlar vakillari hamda faol yoshlar ishtirok etdilar.
Muloqot davomida bugungi kunda yosh avlodning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash, shuningdek, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Yoshlarga davlat tomonidan yaratilayotgan imtiyozlar, subsidiya va grantlar, biznesni boshlash va rivojlantirish uchun ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlar xususida batafsil ma’lumotlar berildi.
Bitiruvchi yoshlar va tadbirkorlar o‘z navbatida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, taklif va mulohazalarini bildirdilar. Ular ishga joylashish, kredit olish, biznes loyihalarini amalga oshirishda duch kelayotgan qiyinchiliklar hamda ularni bartaraf etish yo‘llari haqida fikr almashdilar.
Shahar hokimligi vakillari yoshlarning har bir murojaatini diqqat bilan tinglab, ularning muammolarini hal etish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur choralar ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning farovon kelajagiga yo‘l ochishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olindi.
Mazkur muloqot Farg‘ona shahar hokimligi tomonidan yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘lib, kelgusida ham bu kabi uchrashuvlar muntazam ravishda tashkil etilishi rejalashtirilgan.