Farg‘ona davlat universiteti rektorining tegishli buyrug‘iga asosan oliy ta’lim sohasidagi bir guruh yetuk professor-o‘qituvchilari Abay nomidagi Qozog‘iston milliy pedagogika universitetida xizmat safarida bo‘lib, 144 soatlik malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlab qaytdilar.
Ushbu malaka oshirish kursining tashkil etilishi universitetning xalqaro aloqalarini mustahkamlash va professor-o‘qituvchilarning professional kompetensiyalarini oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Xizmat safari davomida Farg’ona davlat universiteti delegatsiyasi Abay nomidagi Qozog‘iston milliy pedagogika universitetining ta’lim sifatini oshirish, innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish borasidagi ilg‘or tajribasi bilan yaqindan tanishdilar.
Universitetning o‘quv va ilmiy laboratoriyalari, axborot-resurs markazlari faoliyati o‘rganildi. Shuningdek, Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilari qabul qiluvchi universitetning tegishli kafedralari bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar olib bordilar.
Muzokaralar natijasida bir qator muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, ikki universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan qo‘shma ilmiy maqolalar va o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash, zamonaviy darsliklarni O‘zbekistonga olib kirish uchun investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Farg’ona davlat universiteti professorlarining Abay nomidagi Qozog‘iston milliy pedagogika universiteti talabalariga o‘z fanlari bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini olib borish imkoniyati yaratildi.
Malaka oshirish kursi davomida professor-o‘qituvchilar zamonaviy pedagogikaning dolzarb masalalari, o‘qitishning interaktiv metodlari, masofaviy ta’lim texnologiyalari va talabalarning bilim olishga bo‘lgan motivatsiyasini oshirish usullari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini boyitdilar.
Kurs yakunida ishtirokchilarga tegishli sertifikatlar topshirildi.
Farg’ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilarining Abay nomidagi Qozog‘iston milliy pedagogika universitetida malaka oshirib qaytishi universitetning xalqaro hamkorligini rivojlantirish, o‘quv jarayoniga zamonaviy uslublarni joriy etish va professor-o‘qituvchilarning professional darajasini oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Kelgusida bu kabi xalqaro tajriba almashinuvi dasturlari davom ettirilishi rejalashtirilgan.