Farg‘ona davlat universitetida 2024-2025-o‘quv yilining 2-yarim yilligi uchun professor-o‘qituvchilar tomonidan rejalashtirilgan ochiq ma’ruzalar o‘zining muntazam davomini topmoqda.
Ushbu ma’ruzalar talabalarning bilimlarini chuqurlashtirish, o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini oshirish va ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashishga xizmat qiladi.
Xususan, Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakultetida Musiqiy ta’lim va madaniyat kafedrasi katta o‘qituvchisi, tajribali pedagog Nasritdinova Madina Nurullayevna tomonidan “Методика музыкального образования детей” (Bolalar musiqa ta’limi metodikasi) fanidan “Развитие ритмическиз способностей детей ДОУ” (Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning ritmik qobiliyatlarini rivojlantirish) mavzusida ochiq ma’ruza tashkil etildi.
Ochiq ma’ruzada fakultet professor-o‘qituvchilari, magistrlar va bakalavriat bosqichi talabalari ishtirok etdilar. Ma’ruzachi Madina Nurullayevna maktabgacha yoshdagi bolalarning musiqiy rivojlanishida ritmik qobiliyatning o‘rni va ahamiyati, uni shakllantirishning zamonaviy metodlari va interaktiv usullari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ma’ruza davomida turli xil didaktik o‘yinlar, musiqiy mashqlar va amaliy topshiriqlar namoyish etildi.
Tadbir ishtirokchilari ma’ruzachining mavzuni chuqur bilishi, uni yetkazish mahorati va qo‘llagan metodlarining samaradorligini yuqori baholadilar. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ritmik qobiliyatni rivojlantirishning turli yondashuvlari, bolalar psixologiyasining o‘ziga xos xususiyatlari va musiqiy ta’limning zamonaviy tendensiyalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar oldilar.
Ochiq ma’ruza yakunida kafedra mudiri so‘zga chiqib, Madina Nurullayevnaning pedagogik mahoratini alohida ta’kidladi va bunday tadbirlarning talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlashdagi muhim rolini qayd etdi.