Sirtqi ta'lim bo'limi tashabbusi bilan Fargʼona davlat universitetida "ILM - FAN VA TA'LIM - TARBIYANI RIVOJLANTIRISHDAGI ZAMONAVIY YONDASHUVLAR" mavzusida nufuzli xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo'lib o'tdi.
Ushbu muhim tadbir ilm-fan va ta'lim sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, xalqaro tajriba almashish va kelgusidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash uchun o'ziga xos platforma vazifasini o'tadi.
Anjumanda qator xorijiy davlatlardan, jumladan, Rossiya, Qirg'iziston, Qozog'iston, Tojikiston hamda respublikamizning turli hududlaridan – Toshkent va Farg'ona viloyatlaridan yetuk soha mutaxassislari, tajribali professor-o'qituvchilar va iste'dodli olimlar ishtirok etdilar.
Bu kabi keng qamrovli ishtirok anjuman mavzusining naqadar dolzarb va ahamiyatli ekanligidan dalolat beradi.
Anjuman davomida ishtirokchilar "Yangi O'zbekistonning yuksalish yo'lida ta'lim va istiqbol", "Boshlang'ich ta'limda matematika fanidan milliy o'quv dasturini amaliyotga joriy etish muammolari va yechimlari", "Bo'lg'usi pedagoglarning kasbiy tayyorgarligida zamonaviy innovatsion texnologiyalarning ahamiyati", shuningdek, "Интеграция уроков родиноведения и физического воспитания как средство формирования природоохранных компетенции", "Organizing research and practical activities in stem education: the role of summer and winter schools" kabi bugungi kunning eng muhim va dolzarb mavzulariga bag'ishlangan qizg'in ma'ruzalarni tingladilar.
Ushbu ma'ruzalarda ta'lim tizimini modernizatsiya qilish, o'quv jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yosh avlodni har tomonlama rivojlantirish va ularning kasbiy ko'nikmalarini shakllantirish kabi masalalarga alohida e'tibor qaratildi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar o'zaro fikr almashib, kelgusida ilm-fan va ta'lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha kelishuvlarga erishdilar.
Ushbu xalqaro ilmiy-amaliy anjuman mamlakatimizda ilm-fan va ta'lim sohasiga qaratilayotgan e'tiborning yorqin namunasi bo'lib, Yangi O'zbekistonning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.