Xalqaro aloqalar borasida Farg‘ona davlat universiteti O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘quv-ilmiy aloqalarning yangi bosqichiga qadam qo‘yildi.
Yaʼni- universitetda Xitoyning nufuzli Shansi arxeologik tadqiqotlar instituti arxeolog olimlari ishtirokida "Fargʻona-Shanshi arxeologik tadqiqotlar markazi"ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu muhim voqea ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tashrif davomida ochilgan dastlabki muhim ob'yekt "Sui sulolasi davriga oid Yu Xong qabri" nomli doimiy faoliyat yurituvchi arxeologik ko‘rgazma bo‘ldi.
O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan ushbu noyob ko‘rgazma o‘zining o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Unda 1400 yil avval Markaziy Osiyo, xususan qadimgi So‘g‘d hududidan Xitoyga ko‘chib borib, savdo sohasida faoliyat yuritgan va hatto davlat boshqaruviga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan Yu Xong hayoti va faoliyatiga oid 30 dan ortiq xitoycha uslubda ishlangan zamonaviy 3D formatdagi suratlar namoyish etildi.
Mazkur ko‘rgazma ikki davlat o‘rtasidagi boy madaniy aloqalar tarixiga oid qimmatli ma’lumotlarni taqdim etish bilan birga, ajdodlarimizning azim Chin yurtidagi siyosiy faoliyatini aniq tarixiy dalillar bilan yoritib beradi.
Ochilish marosimining navbatdagi muhim ob'yekti "Madaniy merosni muhofaza qilish va tiklash laboratoriyasi" bo‘ldi. Mazkur zamonaviy laboratoriya o‘zining funksional imkoniyatlari bilan ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan bir qatorda, arxeologiya va muzeyshunoslik ta’lim yo‘nalishlari talabalarining nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlovchi muhim markazga aylanadi. Bu yerda talabalar arxeologik topilmalarni konservatsiya qilish va restavratsiya qilishning zamonaviy usullarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shansi arxeologiya instituti O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining amaliy ifodasi sifatida mazkur laboratoriya uchun 65 turdan ortiq eng so‘nggi rusumdagi maxsus arxeologik tadqiqot asbob-uskunalari va texnikalarini, shuningdek, talabalar uchun qazuv tadqiqotlarida zarur bo‘lgan qazuv anjomlari majmualarini hamda 150 ta noyob bosma kitoblarni taqdim etdi. Ushbu bebaho sovg‘alar kelajakdagi arxeologlar va muzeyshunoslarning malakali kadrlar bo‘lib yetishishida muhim rol o‘ynaydi.
Ahamiyatlisi, Xitoy delegatsiyasi a’zolari tomonidan laboratoriya uchun zarur bo‘lgan yengil va o‘rta og‘irlikdagi zamonaviy laboratoriya jihozlari olib kelindi. Hamkorlikning keyingi bosqichlarida og‘ir turdagi laboratoriya uskunalarini olib kelish va ularni to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.
Farg‘ona davlat universitetida "Fargʻona-Shanshi arxeologik tadqiqotlar markazi"ning ochilishi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarning yangi, samarali bosqichini boshlab berdi.
Ushbu markaz nafaqat arxeologik tadqiqotlar olib borish va madaniy merosni o‘rganishda muhim rol o‘ynaydi, balki ikki mamlakat yoshlarining o‘zaro tajriba almashishi va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga ham xizmat qilishi aniq.