Xitoylik olimlar bilan hamkorlik doirasida Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Shansi arxeologiya instituti direktori Fan Ventsyan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Unda viloyatimizdagi arxeologik yodgorliklarni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq qilish yoʼnalishidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Viloyat rahbari bugungi kunda Oʼzbekiston va Xitoy oʼrtasidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib, yangi bosqichda davom etayotganligini taʼkidladi. Oliy oʼquv yurtlari, ilmiy muassasalar bilan oʼzaro hamkorlik yoʼlga qoʼyilayotgani, Fargʼona davlat universiteti va Shansi arxeologiya instituti oʼrtasidagi aloqalar buning amaliy samarasi ekanligi qayd etilib, kelishuvlar amaliy bosqichga oʼtganligi mamnuniyat bilan eʼtirof etildi. Hozirda Shansi arxeologiya instituti bilan vodiy hududidagi arxeologik yodgorliklarni tadqiq etish va muzeylashtirish boʼyicha hamkorlik loyihalari boshlangan.
Dastlabki bosqichda Fargʼona davlat universitetida “Shansi-Fargʼona arxeologik tadqiqot markazi” va “Madaniy merosni muhofaza qilish va tiklash laboratoriyasi” hamda “Sui sulolasi davriga oid Yu Xong qabri” koʼrgazmasi ochildi. Besh yilga moʼljallangan loyihaning keyingi bosqichlarida hamkorlikda ilmiy tadiqiqot ishlari olib boriladi hamda soha uchun mutaxassislar tayyorlanadi. Muloqotda mamlakatimizda keyingi yillarda boy tariximizni oʼrganib, chuqur tadqiq etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etilib, bu jarayonda xorijlik va mahalliy arxeolog olimlar, ilmiy tadqiqotchilar hamkorligida tarixi uzoq oʼtmishga borib taqaladigan Fargʼona viloyatida ham keng qamrovli ilmiy izlanishlar amalga oshirish boʼyicha fikr almashildi.
Xususan, hamkorlikda “Quva shahristoni” arxeologik yodgorligida qazish va tadqiqot ishlarini olib borish, ochiq osmon ostida muzey tashkil etish borasida soʼz yuritildi. Oʼrganilishi kerak boʼlgan arxelogik yodkorliklar koʼp. Loyiha doirasida tarix qayta jonlantirilib, xalqimizga koʼrsatib beriladi, bu juda katta ish boʼladi, biz katta natijalarni kutamiz,-dedi viloyat rahbari.
Viloyat hokimi xitoylik olimlarning loyihalarni qoʼllab-quvvatlashini, ularni sifatli va mukammal amalga oshirish uchun “yoʼl xaritasi”ini ishlab chiqish zarurligini qayd etdi. Samimiy ruhda oʼtgan uchrashuvda hamkorlikdagi ishlarni jadallashtirishga kelishib olindi. Muloqotda viloyat hokimi oʼrinbosari Sherzod Polvonov hamda Fargʼona davlat universiteti rektori Bahodir Shermuhammadov ishtirok etdi.
Maʼlumot oʼrnida: Shansi arxeologiya instituti Xitoyning Shansi viloyatida joylashgan muhim ilmiy muassasalardan biri boʼlib, mamlakatning arxeologik merosini oʼrganish va saqlashda katta rol oʼynaydi. Uning faoliyati natijasida koʼplab muhim arxeologik topilmalar aniqlangan va oʼrganilgan. Masalan, 2024 yilda institut arxeologlari Ming sulolasi davriga tegishli yaxshi saqlangan qabrni topdilar, bu topilma Xitoyning arxeologik merosini yanada boyitdi. Institut oʼzining arxeologik muzeyiga ega. Shansi arxeologiya instituti xalqaro miqyosdagi tadqiqotlarda ham faol ishtirok etadi.