"BU — BIZNING TALABA!" sarlavhasi ostida e'lon qilayotgan yana bir ajoyib xabarlarimizdan biri- Agrar qo'shma fakultetining 1-bosqich talabasi Turdimuhammadova Umidaxon o'zining bilimga chanqoqligi va milliy qadriyatlarga bo'lgan hurmati bilan barchamizni xursand qildi.
Umidaxon Samarqand shahrida bo'lib o'tgan "Buyuk meros :Tarix , madaniyat va milliy qadriyatlar " mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida tashkil etilgan "VATAN IFTIXORI" nomli xalqaro ko'rik-tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi (MDH) miqyosida o'tkazilgan ushbu nufuzli tanlovda Umidaxon o'zining faolligi va qiziqishi bilan ajralib turdi hamda esdalik nishoni va maxsus guvohnoma bilan taqdirlandi.
Agrar sohada tahsil olayotgan bo'lishiga qaramay, Umidaxonning tarix, madaniyat va milliy qadriyatlarga bo'lgan e'tibori tahsinga sazovor. Uning "Vatan iftixori" tanlovidagi ishtiroki yosh avlodning nafaqat o'z sohasida yetuk mutaxassis bo'lishi, balki mamlakatning boy merosini qadrlashi va uni kelajak avlodlarga yetkazish mas'uliyatini his qilishi muhimligini ko'rsatadi.
Universitetimiz jamoasi Umidaxon Turdimuhammadovani ushbu yuksak yutug'i bilan chin dildan muborakbod etadi va unga kelajakdagi o'qishlari va faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi.