Farg‘ona davlat universitetida quvonarli ilmiy xushxabarlar soni ortib bormoqda. Jumladan, oliygohning Fizika-matematika fakulteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari, mustaqil izlanuvchi olim - Raxmatov Odiljon Raxmonberdiyevich o‘zining ilmiy salohiyatini yuksak darajada namoyon etib, Farg’ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.11.2021.Ped.05.07 raqamli ilmiy kengashda oʼz tadqiqot ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Odiljon Raxmatovning “Bo‘lajak o‘qituvchilarning informatsion madaniyatini mediasavodxonlik vositasida rivojlantirish texnologiyasi (texnologik ta’lim yo‘nalishi misolida)” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi (PhD) 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha taqdim etildi. Ilmiy kengash a’zolari tomonidan dissertatsiya mavzusining dolzarbligi, tadqiqotning chuqurligi, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati yuqori baholandi.
Himoya jarayoni ochiq va konstruktiv ruhda o‘tdi. Odiljon Raxmonberdiyevich o‘zining ilmiy ishining asosiy mazmuni, olib borilgan tahlillar va erishilgan xulosalarni ishonchli tarzda taqdim etdi. Ilmiy kengash a’zolari tomonidan berilgan savollarga esa chuqur bilim va tahliliy qobiliyatini namoyon etgan holda to‘liq va asosli javoblar qaytardi.
Himoya yakunida ilmiy kengash a’zolari 100 foiz ovozbilan Raxmatov Odiljon Raxmonberdiyevichga pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ushbu muvaffaqiyat Farg‘ona davlat universiteti ilmiy jamoasining yutuqlaridan biri bo‘lib, universitetning ilmiy salohiyati tobora yuksalib borayotganligini yaqqol ko‘rsatadi.