Universitetimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi, nomli davlat stipendiyalari hamda universitet ichki nomdor stipendiyalariga da’vogarlik qilayotgan iqtidorli talabalar uchun maxsus seminar tashkil etildi.
Seminarda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor, shuningdek, universitet ilmiy bo‘limi mutaxassislari ishtirok etib, talabalar bilan ochiq muloqot shaklida samarali suhbatlar olib borishdi. Ular tomonidan talabgor talabalarga stipendiyalar uchun hujjatlarni topshirish tartibi, saralash mezonlari, tanlov bosqichlari, baholash usullari va final natijalar e’lon qilinishi jarayonlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Seminar davomida talabalarga tanlov jarayonida ilmiy va innovatsion yondashuv, loyihalarning dolzarbligi, ularning ijtimoiy-foydalilik darajasi, ilmiy maqola va yutuqlarni rasmiylashtirishda e’tibor qaratilishi zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Ayniqsa, Prezident stipendiyasi kabi nufuzli mukofotlar uchun nomzodlar tanlovda yuqori tayyorgarlikka ega bo‘lishlari, o‘z ilmiy faoliyatlarini aniq hujjatlar va dalillar asosida asoslab bera olishlari lozimligi alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, seminar ishtirokchilariga “Stipendiya.edu.uz” elektron platformasidan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi. Tizimga shaxsiy ma’lumotlarni to‘g‘ri va to‘liq kiritish, hujjatlarni yuklash, tanlov bosqichlarini kuzatib borish va apellyatsiya jarayonlarida ishtirok etish qoidalari haqida atroflicha tushuntirishlar berildi. Tizim orqali tanlovning shaffofligi, har bir bosqichda xolislikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi aytib o‘tildi.
Ushbu seminar talabalar uchun nafaqat stipendiya tanloviga tayyorgarlik ko‘rishda, balki umumiy ilmiy saviyasini oshirish, o‘z salohiyatini namoyon etish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Seminar yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va tajribali mutaxassislar tomonidan berilgan tavsiyalarni yozib oldilar. Tadbir ishtirokchilarida yuqori ruh va ishonch uyg‘otib, ular stipendiyalar uchun belgilangan muddatlarda faol qatnashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.