Ekovolontyor talabalar “Ferghana France” qo‘shma korxonasida amaliy safarda bo‘lishdi
2025-yil 4-iyul kuni Farg‘ona davlat universitetining “Ekovolontyor talabalar harakati” a’zolari uchun ekologik ma’rifat va amaliy bilimlarni mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi tashrif tashkil etildi. Talaba-yoshlar “Ferghana France” MCHJ qo‘shma korxonasiga borib, bu yerda olib borilayotgan zamonaviy agrotexnik jarayonlar, uzum yetishtirish madaniyati hamda ekologik barqarorlikka doir ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida talabalar korxonaning uzum yetishtirishga ixtisoslashgan yirik bog‘lari, innovatsion parvarish texnologiyalari va zamonaviy issiqxona komplekslari faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Korxona mutaxassislari tomonidan talabalarga uzum navlari, ularning iqlim va tuproq xususiyatlariga moslashtirilgan holda parvarish qilinishi, kasalliklarga qarshi kurashish usullari hamda ekologik muvozanatni saqlash borasidagi samarali yondashuvlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
E’tiborga molik jihati shundaki, ushbu tashrif nafaqat talabalarning nazariy bilimlarini boyitdi, balki ularni amaliyotga yaqinlashtirib, ekologik ongni yanada oshirishga xizmat qildi. Ekovolontyorlar ekologik jihatdan barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlari qanday qo‘llanilayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, chuqur taassurotga ega bo‘lishdi.
Mazkur tashrif “Ekovolontyor talabalar harakati” doirasida muntazam tashkil etib borilayotgan ilmiy-amaliy mashg‘ulotlarning uzviy davomi bo‘lib, talabalarning ekologik tafakkurini rivojlantirish, ularni atrof-muhitga mehr va e’tibor bilan yondashishga o‘rgatishda muhim qadam bo‘ldi.