Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 363
  • Ko`rib chiqilganlar 323
    • Takliflar 50
    • Arizalar 276
    • Shikoyatlar 37
  • Ko`rib chiqilmoqda 40

FARG’ONA DAVLAT UNIVERSITETIDA KASBIY(IJODIY) IMTIHONLAR QIZG’IN PALLADA

08:53, 10.07.2025      


Yurtimizda yosh avlodning iqtidorini to‘g‘ri yo‘naltirish, ular tanlagan sohaga chin dildan intilishi va kasbiy jihatdan yetuk bo‘lib shakllanishi uchun zarur imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayniqsa, ijodiy va jismoniy tayyorgarlik talab qiladigan yo‘nalishlarda abituriyentlarning salohiyatini sinovdan o‘tkazish – nafaqat tanlov mezoni, balki kelajak kasb egalarining asosiy saralash bosqichidir.

Farg‘ona davlat universitetida ayni kunlarda shunday mas’uliyatli jarayon – 2025/2026-o‘quv yili uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar davom etmoqda. Universitet jamoasi tomonidan sinovlar shaffoflik, adolat va professionallik asosida tashkil etilmoqda.

Farg‘ona davlat universitetida 2025/2026-o‘quv yili uchun alohida iqtidor talab qiluvchi kunduzgi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar qizg‘in davom etmoqda. Tanlov jarayonlari abituriyentlarning amaliy ko‘nikmalarini to‘liq namoyon qilishlari uchun tegishli joylarda, soha xususiyatiga mos sharoitlarda o‘tkazilmoqda. Xususan:

"Chaqiriqqacha harbiy tayyorgarlik" yo‘nalishi bo‘yicha imtihonlar Farg‘ona “TEMURBEKLAR MAKTABI” harbiy akademik litseyida;

Sportning futbol yo‘nalishi bo‘yicha – Farg‘ona viloyati futbol akademiyasi (sobiq “To‘qimachi” stadioni)da;

Dzyu-do sport turi bo‘yicha – Farg‘ona shahar 1-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabida;

Yengil atletika bo‘yicha – universitetning sport-sog‘lomlashtirish majmuasida;

Voleybol yo‘nalishi bo‘yicha – Pedagogika, psixologiya va san’atshunoslik fakulteti sport zalida;

Musiqiy ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha esa – Tarix fakultetining o‘quv binosida bo‘lib o‘tmoqda.

Imtihonlar har bir yo‘nalish xususiyatiga mos holda tayyorlangan maxsus test, amaliy mashq va ijodiy topshiriqlar asosida o‘tkazilmoqda. Bu jarayonlarda abituriyentlarning jismoniy tayyorgarligi, sahna madaniyati, musiqaviy qobiliyati, texnik ko‘nikmalari yoki harbiy-amaliy malakalari sinovdan o‘tkazilmoqda.

Jarayonlarni adolatli va xolis o‘tkazish maqsadida universitet tomonidan maxsus komissiyalar tuzilgan bo‘lib, ular tarkibiga malakali professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari va kuzatuvchilar jalb qilingan. Har bir ishtirokchining imkoniyatini to‘g‘ri baholash uchun barcha tashkiliy va texnik sharoitlar yaratildi.

E’tiborga molik jihati – joriy yilda kasbiy (ijodiy) imtihonlar 30 ga yaqin yo‘nalishda, 2025-yil 7-iyuldan 19-iyulgacha bo‘lgan muddatda o‘tkaziladi. Bu esa yuzlab abituriyentlarga o‘z iqtidorini namoyon etish, orzu qilgan ta’lim yo‘nalishiga kirish imkonini yaratmoqda.

Farg‘ona davlat universiteti uchun bu sinovlar – shunchaki imtihon emas. Bu – yangi avlod mutaxassislarining ilk qadami, kelajakda yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yetuk yoshlar bilan safni to‘ldirish yo‘lida muhim bosqichdir. Universitet jamoasi esa bu jarayonda har bir abituriyentga xolis, e’tiborli va mehr bilan yondashmoqda.