O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti – Vatan himoyasi, jasorat, fidoyilik va namunali fuqarolik burchini ado etish borasida alohida ajralib turgan yigitlarni rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan yuksak mukofotdir. Bu mukofot – nafaqat jasorat va matonatning, balki bilim, intilish va sadoqatning e’tirofidir.
2025-yilda ushbu yuksak unvonga Farg‘ona davlat universitetining ikki vakili – yoshlar orasida alohida iste’dodi, faolligi va fidoyiligi bilan ajralib turgan iqtidorli talabalar sazovor bo‘ldi.
Farg‘ona davlat universitetining Yurisprudensiya yo‘nalishi talabasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi, kichik serjant Jamshidbek Sotvoldiyev “Mard o‘g‘lon” mukofotiga loyiq topildi.
U o‘zining namunali harbiy xizmati, kuchli fuqarolik pozitsiyasi, bilimga chanqoqligi va mas’uliyatli hayot tarzi bilan tengdoshlariga ibrat bo‘lib kelmoqda.
Yana bir faxrimiz – FarDU bitiruvchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, bolalar adabiyotiga samarali hissa qo‘shib kelayotgan Qobiljon Shermatov ham “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Qobiljon o‘zining teran fikrlari, bolalar qalbiga yaqin ijodiy yondashuvi, Vatanga muhabbat ruhidagi asarlari orqali yoshlar qalbida ijobiy ruh va mehr uyg‘otib kelmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Qobiljon, men sizning katta yutuqlarga erishganingizni, koʻp ishlar qilganingizni guvohi boʻldim. Kelajakda sizga katta-katta davlat mukofotlarini topshirish menga nasib qilsin!”
deya, bevosita iliq tilaklari bilan taqdirlashi – uning ijodiy yo‘lida katta dalda bo‘ldi.
“Mard o‘g‘lon” – bu shunchaki mukofot emas. Bu – yurt ravnaqi, xalq manfaati yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan, bilimli, vatanparvar, g‘ayratli yoshlarning yuksak e’tirofidir. FarDU talabalari va bitiruvchilari orasidan bu kabi fidoyi yoshlarning yetishib chiqayotgani – universitetda nafaqat ta’lim, balki tarbiya, vatanparvarlik va ma’naviy yetuklikka alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir.
Farg‘ona davlat universiteti jamoasi bu yuksak mukofot bilan taqdirlangan yoshlar bilan haqli ravishda faxrlanadi va ularning orqasidan ergashayotgan yangi avlod talabalariga kuchli motivatsiya bo‘ladi.