Yozgi ta’til kunlari Farg‘ona davlat universitetida talabalar faoliyatini mazmunli tashkil etish, ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirish va ta’lim jarayonini real ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish maqsadida “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida keng ko‘lamli tashriflar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan yoshlarga oid davlat siyosatini amalda ro‘yobga chiqarish, shuningdek, Farg‘ona viloyati hokimining 2025-yil 4-iyundagi 02-07/1189-sonli topshiriq xati ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Makur tashriflar va amaliy mashg‘ulotlar davomida Pedagogika–psixologiya va san’atshunoslik fakulteti Musiqiy ta’lim va madaniyat kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalari "TEAM DRESS FERGANA" O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasiga tashrif buyurib, madaniyat va dizayn sohasi bilan bog‘liq ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar.
Filologiya fakultetining o‘zbek tili yo‘nalishi talabalari “FERGANA FRANCE” MChJ qo‘shma korxonasida yozgi tanishuv va ishlab chiqarish amaliyotini olib bormoqda. Talabalar bu yerda korxonaning ish tartibi, mehnat madaniyati hamda kommunikativ muhit bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Geografiya yo‘nalishi talabalari “EVE SHOES” MChJda amaliyot o‘tamoqdalar. Ular: korxona joylashgan hududning sanoat-geografik xususiyatlarini,
ishlab chiqarishning ekologik ta’siri va xomashyo zanjirini,
eksport-import salohiyati va logistika tizimlarini o‘rganmoqdalar.
Jismoniy madaniyat fakulteti talabalari uchun “Tantana Tekstil” MChJda "Tanishuv va ishlab chiqarish amaliyoti" tashkil etildi. Mashg‘ulotlar davomida talabalarning nazariy bilimlarini real mehnat muhiti bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu tashriflar va amaliy mashg‘ulotlar orqali:
talabalar ishlab chiqarishning ichki jarayonlari bilan yaqindan tanishmoqda,
nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash imkoniga ega bo‘lmoqda,
oliy ta’lim bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiya mustahkamlanmoqda.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi nafaqat bo‘sh vaqtni samarali tashkil etish, balki yoshlarni kelajak kasbiga yanada jiddiyroq yondashishga undovchi muhim amaliy maktabga aylanmoqda.