Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 363
  • Ko`rib chiqilganlar 323
    • Takliflar 50
    • Arizalar 276
    • Shikoyatlar 37
  • Ko`rib chiqilmoqda 40

UNIVERSITET FAXRLARI BILAN UCHRASHUV: MARD O’G’LONLARIMIZ – IFTIXORIMIZ!

16:23, 11.07.2025      

Farg‘ona davlat universitetida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari bilan rektor ishtirokida samimiy va esda qolarli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi, kichik serjant, Yurisprudensiya yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Sotvoldiyev Jamshidbek Farhodjon o‘g‘li hamda universitet bitiruvchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yosh va iqtidorli adib Qobiljon Shermatov hamda ularning oila a’zolari mehmon sifatida ishtirok etdilar.

Tadbirni universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov ochib berdi va mukofot sohiblarini chin dildan tabrikladi. U o‘z nutqida Prezidentimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan e’tibor tufayli Vatanimiz tinchligi, ilm-fan va adabiyot sohasida yutuqlarga erishayotgan yoshlar safi kengayib borayotganini ta’kidladi.

— Bugungi yoshlar bilimli, vatanparvar, mas’uliyatli bo‘lishi bilan birga, jamiyat hayotida faol ishtirok etmoqda. Universitetimizda tahsil olayotgan yoki uni tamomlab, yurt xizmatida bo‘layotgan yoshlarning yutuqlari biz uchun iftixordir. FarDU nafaqat ilm maskani, balki yetuk kadrlar va yetakchi shaxslar maktabiga aylanmoqda, — dedi rektor Bahodirjon Shermuhammadov.

Uchrashuv davomida faxriy mehmonlar — Jamshidbek Sotvoldiyev va Qobiljon Shermatov o‘z taassurotlari, muvaffaqiyat sari olib borgan yo‘llari, yoshlik orzulari va mehnatning qadri haqida samimiy fikrlarini bildirdilar. Ularning ota-onalari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalar tomonidan bildirgan tabrik va tilaklar tadbirga iliqlik baxsh etdi.

Tadbir so‘ngida universitet rahbariyati tomonidan davlat mukofoti sohiblari va ularning ota-onalari faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Mazkur uchrashuv yoshlarga ibrat, universitetga esa faxr bo‘la oladigan voqea sifatida tarixga muhrlandi. “Mard o‘g‘lon” mukofoti kabi yuksak e’tiroflar yurtimizda jasorat, sadoqat va fidoyilikni qadrlashning yorqin ifodasidir. Farg‘ona davlat universiteti esa bunday yutuqlari bilan nafaqat viloyat, balki mamlakat miqyosida yoshlar yetishib chiqayotgan peshqadam ilm dargohlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.