Yozgi ta’til davrida talabalar bo‘sh vaqtlarini nafaqat dam olish, balki o‘z ustida ishlash, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash orqali samarali o‘tkazishlari lozim. Shu maqsadda Farg‘ona davlat universitetida yoshlarni ijtimoiy-ma’naviy hayotga jalb etish, ularning qiziqish va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida bir qator to‘garaklar tashkil etildi.
Mazkur tashabbus doirasida Filologiya fakulteti binosida “Yozgi ijod markazi” faoliyat boshladi. Ushbu markaz orqali talaba-yoshlar adabiyot, badiiy tafakkur va estetik dunyoqarash borasida o‘z bilimlarini boyitib, mashhur yozuvchilar hayoti va ijodini chuqur o‘rganishmoqda. Mashg‘ulotlar doirasida o‘tkazilayotgan ijodiy suhbatlar, kitob muhokamalari va ochiq muloqotlar talabalar orasida adabiyotga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirmoqda.
Bundan tashqari, Fizika-matematika fakultetida Axborot tizimlari va texnologiyalari yo‘nalishi talabalari ishtirokida onlayn formatda “Bir talabalaga – bir loyiha” nomli kasbiy va fan to‘garagi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu to‘garak zamonaviy IT yo‘nalishlarida amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash, yangi g‘oyalar ustida ishlash va loyiha yaratish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, xorijiy tillarga qiziquvchi talabalar uchun ingliz tilini o‘rganishga qaratilgan “Basic English words” nomli amaliy to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu loyihada ishtirok etayotgan yoshlar zamonaviy metodikalarga asoslangan mashg‘ulotlar orqali so‘z boyligini oshirib, muloqotga kirishish malakalarini shakllantirishmoqda.
Ijodiy salohiyatga ega talabalar uchun esa Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti qoshida tashkil etilgan “Qalam tasvir” to‘garagi faoliyat yuritmoqda. Mazkur to‘garak tasviriy san’atga qiziquvchi yoshlarning badiiy-estetik didini shakllantirish, ularni milliy va jahon san’ati namunalaridan bahramand etish, shuningdek, amaliy ijod orqali o‘z iqtidorini namoyon qilishga keng imkoniyat yaratmoqda.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida universitetda yo‘lga qo‘yilgan bu kabi tashabbuslar orqali yoshlarga nafaqat yangi bilimlar berilmoqda, balki ularning mustaqil fikrlash, jamoada ishlash va o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarish ko‘nikmalari ham shakllantirilmoqda.