Farg‘ona davlat universiteti Chet tillari fakulteti Ingliz filologiyasi kafedrasi tomonidan yozgi ta’til davrida talabalar uchun nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, balki amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan ishlab chiqarish va tanishuv amaliyoti samarali tashkil etilmoqda.
Mazkur amaliyotlar “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili), ingliz tili va adabiyoti hamda xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili) yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy ta’lim muhitiga moslashuvchan qilib tarbiyalash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida talabalar Farg‘ona shahrida faoliyat yuritayotgan “Wegweiser” nemis tili o‘quv markazida o‘quv-amaliy darslarda qatnashib, til o‘qitishning interaktiv metodlari, kommunikativ yondashuv va ko‘p tillilik tamoyillari asosida tajriba orttirmoqdalar. Ushbu markaz bilan hamkorlik talabalarning nafaqat ingliz tili, balki boshqa xorijiy tillarga bo‘lgan qiziqishlarini ham kengaytirmoqda.
Shuningdek, Qo‘qon shahrida faoliyat yuritayotgan zamonaviy va innovatsion yondashuvlarga ega “Cambridge Innovation School” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham talabalar o‘quv-amaliy faoliyatni davom ettirishmoqda. Bu ta’lim muassasasida olib borilayotgan metodik yondashuvlar, dars berish uslublari, zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan mashg‘ulotlar talabalarga katta amaliy tajriba berdi. O‘qituvchilar tomonidan talabalarning faoliyati monitoring qilinib, ularning mustaqil ishlash ko‘nikmalari, til bilish darajasi va dars jarayoniga moslashuvchanligi baholanmoqda.
Bunday amaliy mashg‘ulotlar nafaqat talabalarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, balki ularni kelgusidagi ish faoliyatiga puxta tayyorlashda, xorijiy tillarni real muhitda qo‘llashda ishonchlarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari tomonidan bu kabi tashabbuslarning doimiy yo‘lga qo‘yilishi, yoshlarning o‘z kasbiga mehr bilan yondashishiga, ularning bilimini amaliyot bilan bog‘lashiga keng yo‘l ochmoqda.