Farg‘ona davlat universitetida “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida qator sport tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, universitet tomonidan Farg‘ona shahridagi Xuvaydo, Yoshlar, Navro‘z, Chek Sho‘ra, Shodiyona va Mash’al mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi yoshlar o‘rtasida stritbol bo‘yicha “Rektor kubogi” musobaqasi tashkil etildi. Turnir do‘stona, ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Jamoalar g‘alaba uchun astoydil kurashib, chinakam sport mahoratini namoyon etdilar. G‘oliblar universitet rektorining esdalik sovg‘alari va medallari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Sport faoliyati fakultetining badiiy gimnastika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabasi Fayzullayeva Shoxruza ham “Dolzarb 90 kun” loyihasiga amaliy hissa qo‘shmoqda. U o‘zi yashayotgan mahallada “Gimnastika” to‘garagini tashkil etib, 20 dan ortiq maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari o‘quvchilarini jalb qildi. Bu orqali yosh avlod orasida sportga mehr uyg‘otish, jismoniy faollikni targ‘ib etish yo‘lida ijobiy qadam tashlandi.
Bundan tashqari, Pedagogika kafedrasi tashabbusi bilan Farg‘ona shahridagi “Ma’rifat” MFY bilan hamkorlikda mahalla yoshlari o‘rtasida shashka musobaqasi ham tashkil etildi. Ushbu tadbir yoshlarning mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, ularni mazmunli faoliyatga jalb etish va mahalla bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
“Dolzarb 90 kun” doirasida tashkil etilayotgan bu kabi sport tadbirlari nafaqat yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, balki universitet va mahalla o‘rtasidagi samarali hamkorlikni kuchaytirish, ijtimoiy faollikni oshirishga ham munosib hissa bo‘lmoqda.