Farg‘ona davlat universitetida ilmiy izlanishlar natijasida navbatdagi muhim yutuqqa erishildi. Universitet tadqiqotchisi Yoqubov Abutolib Axmadali o‘g‘li 03.00.06 – “Zoologiya” ixtisosligi bo‘yicha tayyorlagan “Farg‘ona vodiysi sharoitida kuzgi tunlam (Agrotis segetum) bioekologiyasi va unga edafik omillarning ta’siri” mavzusidagi dissertatsiya ishi biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun himoya qilindi.
Himoya jarayoni Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi PhD.03/30.06.2021.B.05.06 raqamli ilmiy kengashda bo‘lib o‘tdi. Dissertatsiya kengash a’zolari tomonidan yuqori baholanib, 100 foiz ovoz bilan muvaffaqiyatli deb topildi.
Yoqubov Abutolibning ilmiy ishi mintaqada zararkunandalar nazoratini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini muhofaza qilish va barqaror agroekotizimlarni shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Bu kabi yutuqlar universitetda ilmiy-tadqiqot faoliyatining izchil rivojlanayotganidan, yosh olimlarga keng imkoniyatlar yaratilayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy kengashda zoologiya yo‘nalishidagi dolzarb mavzular bo‘yicha muntazam dissertatsiya himoyalari tashkil etilib, fundamental va amaliy fanlarni integratsiyalashgan holda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.