Farg‘ona davlat universitetida yana bir ilmiy yutuq qayd etildi. Universitet tadqiqotchisi Xabibullayev Fayzulla Nabibullayevich 03.00.06 – “Zoologiya” ixtisosligi bo‘yicha tayyorlagan “Farg‘ona vodiysida asalari zararkunandalari (Animalia: Arthropoda)” mavzusidagi dissertatsiya ishi biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun muvaffaqiyatli himoya qildi.
Mazkur himoya Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi PhD.03/30.06.2021.B.05.06 raqamli ilmiy kengash yig‘ilishida bo‘lib o‘tdi. E’tiborlisi, dissertatsiya ishi kengash a’zolari tomonidan 100% ovoz bilan ma’qullanib, yuqori ilmiy baho oldi.
Himoya qilingan tadqiqot mavzusi — Farg‘ona vodiysida asalari zotlariga tahdid solayotgan zararkunandalar va ularning hayot faoliyati, tarqalish geografiyasi, biologik xususiyatlari hamda ularga qarshi kurashish choralari kabi dolzarb masalalarni ilmiy asosda yoritib berganligi bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, ushbu mavzu nafaqat ilmiy jihatdan, balki qishloq xo‘jaligi va atrof-muhit muhofazasi nuqtayi nazaridan ham katta amaliy ahamiyat kasb etadi.