Farg‘ona davlat universiteti tashabbusi bilan butun viloyat bo‘ylab keng miqyosda davom etayotgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida aholi, ayniqsa yoshlar bilan samarali ishlash, ularni sog‘lom hayot tarziga jalb qilish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Farg‘ona davlat universiteti Rus filologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari Farg‘ona shahar “Sohibqiron Temur” mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla raisi, faollar va yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv doirasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yoshlarda ijtimoiy faollikni oshirish, do‘stona muhitni shakllantirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari jamiyatdagi ijobiy o‘zgarishlar, yoshlarning ta’limga, sportga va ijtimoiy hayotga bo‘lgan qiziqishini oshirish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida sog‘lom hayot tarzini keng targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini foydali tashkil etish maqsadida Farg‘ona tumanidagi “Do‘stlik” mahallasida qator sport musobaqalari o‘tkazildi.
Sport klubi tashabbusi bilan tashkil etilgan musobaqalarda voleybol, stol tennisi, shaxmat, shashka va armrestling turlari bo‘yicha yoshlar o‘z kuch va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdilar. Bu musobaqalar nafaqat sport mahoratini, balki o‘zaro do‘stlik va jamoaviylikni mustahkamlashda ham muhim rol o‘ynadi.
Yoshlarni harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni Vatanga sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalash maqsadida Harbiy ta’lim fakulteti tomonidan “Mehribonlik”, “Yulduz”, “Xo‘jamag‘iz”, MFYda mahallasida istiqomat qiluvchi yoshlar uchun ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.
Tashrif davomida yoshlar fakultetning o‘quv-moddiy bazasi, harbiy-sport maydonchalari va zamonaviy mashg‘ulot xonalari bilan yaqindan tanishdi. Fakultet ofitserlari yoshlar bilan jonli muloqotda bo‘lib, ularni harbiy xizmat va oliy harbiy ta’limning afzalliklari haqida xabardor qildilar.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi yosh avlodni sog‘lom, ma’naviy yetuk va ijtimoiy faol etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Farg‘ona davlat universitetining mahallalar bilan hamkorlikdagi faoliyati esa bu boradagi amaliy yondashuvning yorqin namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.