Farg‘ona davlat universitetida talabalar uchun yozgi ta’tilni mazmunli tashkil etish, ularning bandligini ta’minlash hamda amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ana shunday loyihalardan biri — “Bunyodkor yoshlar” qurilish otryadi faoliyatidir.
Ayni damda bu otryad tarkibidagi 20 nafar talaba yozgi ta’tilni nafaqat maroqli, balki foydali o‘tkazmoqda. Ular universitet hududidagi ta’mirlash ishlarida faol ishtirok etib, o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. Xususan, hozirda 7-sonli Talabalar turar joyida ta’mirlash ishlari qizg‘in tus olgan bo‘lib, bunyodkor talabalar bu jarayonda jonbozlik ko‘rsatmoqdalar.
— “Universitetimiz ravnaqi yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan, qolaversa, yozgi ta’tilni mazmunli va foydali o‘tkazayotganimizdan mamnunmiz,” — deydi otryad a’zolari.
“Bunyodkor yoshlar” jamoasi faqatgina turar joylar emas, balki universitetning o‘quv binolari va sport majmualarida ham ta’mirlash va yangilash ishlarini amalga oshirmoqda. Sport anjomlari, mashg‘ulot xonalari, yoritish va suv ta’minoti tizimlarigacha yangilanmoqda.
Ularning samarali mehnatlari e’tiborsiz qolmayapti. Universitet rahbariyati tomonidan otryad a’zolari moddiy rag‘batlantirish, maxsus formalar, 3 mahal issiq ovqat, hamda o‘z vaqtida maosh bilan ta’minlash orqali rag‘batlantirilmoqda. Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati tomonidan tashkillashtirilgan ushbu tashabbus orqali nafaqat talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, balki ularning kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirish, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish va mehnatsevarlik ruhini kuchaytirish kabi maqsadlar ham ko‘zda tutilgan.