Fargʻona davlat universitetining Jismoniy madaniyat fakulteti talabalari “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida Fargʻona viloyati kasbiy koʻnikmalar mintaqaviy markazi (KOICA)ga tashrif buyurishdi. Ushbu tashrif Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi” asosida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasidagi navbatdagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi – yoshlarga kasbiy yo‘nalishlar, bandlik imkoniyatlari va sog‘lom turmush tarzini tanitish, ularni faol fuqarolik hayotiga tayyorlashdan iborat. Tashrif davomida talabalar uchun markaz faoliyati bilan yaqindan tanishish, zamonaviy kasb-hunarlarga oid amaliy mashg‘ulotlar va seminarlar tashkil etildi.
KOICA markazi bugungi kunda yoshlarning zamonaviy kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni mehnat bozoriga moslab tayyorlash borasida muhim o‘rin tutmoqda. Aynan shu sababli, bunday tashriflar nafaqat yoshlar dunyoqarashini kengaytiradi, balki ularning kelajakdagi yo‘lini belgilashda ham muhim bosqichga aylanadi.
Tashrif quyidagi maqsadlarga yo‘naltirilgan edi:
- Yoshlarning bandligini ta’minlash – bo‘sh vaqtni foydali o‘tkazish va mehnatga yo‘naltirish orqali ijtimoiy faollikni oshirish;
- Kasbiy tayyorgarlikni oshirish – zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan dasturlar bilan tanishish va amaliy tajriba orttirish;
- Sogʻlom turmush tarzini shakllantirish – jismoniy faollik, sport va sog‘lom hayot tamoyillarini targ‘ib qilish;
- Ijtimoiy faollikni kuchaytirish – yoshlar orasida liderlik ko‘nikmalari va tashabbuskorlikni rag‘batlantirish.
“Yoshlar kelajagimiz poydevori. Ular bilan tizimli ishlash – jamiyatimiz barqaror taraqqiyotining garovidir,” – degan ezgu g‘oya mazkur tashrifda o‘z ifodasini topdi.
Shu kabi tashabbuslar yosh avlodning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni jamiyatga foydali shaxslar sifatida shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Farg‘ona davlat universiteti bu borada faol ishtirok etib, yoshlar bilan ishlashda yangicha yondashuvni amalda namoyon etmoqda.