Yozgi oromgohlar – bu nafaqat dam olish, balki tarbiya, ilhom va ma’naviyat manbai hamdir.
Farg‘ona davlat universiteti tomonidan yozgi ta’til kunlari mazmunli va foydali o‘tkazish hamda talaba yoshlar bilan ishlash borasida olib borilayotgan ishlarning uzviy davom sifatida, ijtimoiy-ma’naviy yo‘nalishda turli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Universitet rahbariyati tashabbusi bilan ishchi-xodimlarning farzandlari Furqat tumanidagi “Shuxay” oromgohi hamda Quvasoy shahridagi “Bilimdon” bolalar oromgohiga dam olish uchun yuborildi.
Bu tashabbus nafaqat bolalarning yozgi ta’tilini maroqli o‘tkazish, balki ularning sog‘lom hayot tarziga sodiq bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Tarix fakulteti Ijtimoiy ish va sotsiologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan Farg‘ona shahar “Cheksho‘ra” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 45-maktabda tashkil etilgan yozgi oromgohda maktab o‘quvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Unda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy qadriyatlar, davlat ramzlari, vatanparvarlik va Vatanni e’zozlash masalalari yuzasidan davra suhbati bo’lib o’tdi.
Bu muloqot yoshlarning dunyoqarashi, fuqarolik mas’uliyati va o‘zligini anglashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Farg‘ona davlat universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar yosh avlodni har tomonlama rivojlantirish, ularning orzularini ro‘yobga chiqarish va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.